Tojikiston va Afg‘oniston chegarasida yuz bergan to‘qnashuv oqibatida ikki nafar tojik chegarachisi hamda Afg‘oniston tomondan bir necha nafar qurollangan shaxs halok bo‘ldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, to‘qnashuv tojik chegarachilari bilan qurollangan narkotik savdogarlar guruhi o‘rtasida sodir bo‘lgan.
«Ozodi» radiosining xabar berishicha, hodisa 24 dekabr kuni Shamsiddin Shohin tumaniga qarashli Bahorak hududida ro‘y bergan. To‘qnashuvda «Sarichashma» harbiy qismi xizmatchilari – 28 yoshli Ismatullo Qurbonov va 33 yoshli Zirebon Navro‘zbekov halok bo‘lgan.
Xabarda aytilishicha, narkosavdogarlardan bir necha nafari o‘ldirilgan, biri qo‘lga olingan, yana to‘rt nafari esa qochib ketgan.
Afg‘onistonning «Hashti subh» nashri ham mazkur to‘qnashuv haqida xabar berib, Tojikiston chegarachilari tomonidan ochilgan o‘qqa javoban Afg‘oniston hududidan o‘q uzgan ikki nafar qurolli shaxs yo‘q qilinganini ma’lum qilgan.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, otishma Afg‘onistonning Badaxshon viloyatidagi Shahri Buzurg tumani bilan Taxor viloyatidagi Chohi Ob tumani o‘rtasidagi chegara hududida sodir bo‘lgan.
Ayni paytga qadar Tojikiston va Afg‘oniston rasmiylari mazkur hodisa yuzasidan rasmiy bayonot bermadi.