Hodisa Patna shahrida Bixar shtati bosh vaziri Nitish Kumar tomonidan AYUSH tizimi (an’anaviy tibbiyot) bo‘yicha yangi tayinlangan shifokorlarga hujjatlar topshirish marosimi chog‘ida sodir bo‘ldi, deb xabar bermoqda ExpressAsia.
Musulmon shifokor Nusrat Parvin hujjatini olish uchun niqobda sahnaga chiqqan paytda, Nitish Kumar avvalo uning niqobiga ishora qilib, “Bu nima?” deya e’tiroz bildirgan. Shundan so‘ng u shaxsan niqobning bir qismini tushirib, ayolning yuzini jamoatchilik oldida ochib qo‘ygan.
Ayrim marosim ishtirokchilari, jumladan, bosh vazir o‘rinbosari ham vaziyatga aralashishga uringan. Shifokor marosimda ishtirok etishni davom ettirgan, ammo keyinchalik ishga kirishmagan. Uning ish boshlash sanasi hozircha noma’lum.
Hodisa videoga olinib, ijtimoiy tarmoqlarda tez tarqaldi va keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘ldi.
Hindistonda mazkur voqea yuzasidan ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi va Bixar shtati bosh vaziri Nitish Kumarning iste’fosini talab qilish chaqiriqlari yangradi.
Ichki noroziliklardan tashqari, mazkur holat xalqaro hamjamiyat tomonidan ham qoralandi. Pokiston va Yaqin Sharqning bir qator davlatlari hodisaga nisbatan keskin norozilik bildirdi va Kumardan uzr so‘rashni talab qildi.