Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustem Umerov korrupsiya mojarosiga oid janjal fonida bir oydan ortiq muddat xorij safarlarida bo‘lganidan keyin Ukrainaga qaytdi va Vladimir Zelenskiyga AQShdagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha hisobot taqdim etdi.
"Rustem Umerov va Andrey Gnatovning (Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i — tahr.) Amerika jamoasi bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar natijalari bo‘yicha hisoboti taqdim etildi. Hozirda bir nechta hujjatlarning tayyorlangan qoralamalari mavjud", — deyiladi Zelenskiyning Telegram-kanalida.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Umerov noyabr oyi o‘rtasida korrupsiya mojarosi bilan bog‘liq mish-mishlar kuchaygan paytda avval Turkiyaga, keyin Qatarga rasmiy tashrif bilan yo‘l olgan. U 20 noyabr kuni Ukrainaga qaytgan, biroq oradan ikki kun o‘tib, muzokara guruhi tarkibida yana xorijga chiqqan. Xususan, u AQShning Florida shtatiga borgan, keyin Bryusselda Yevropa rasmiylari bilan uchrashuvlar o‘tkazgan. O‘tgan dam olish kunlari esa AQShdagi muzokaralarda ishtirok etgan.
Avvalroq Ukraina OAVlari Ukraina energetika sohasidagi yirik jinoiy sxemaning fosh etilishi fonida yuqori martabali amaldorlarning mudofaa sohasidagi, xususan, davlat xaridlaridagi korrupsiyaga aloqadorligi haqidagi materiallar paydo bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan edi. Tergov munosabati bilan Rustem Umerovning nomi tilga olingan. Ixtisoslashtirilgan aksilkorrupsiya prokuraturasi Mindich mudofaa sohasiga aynan ilgari harbiy idora rahbari bo‘lgan Umerovga "ta’sir o‘tkazish" orqali aralashganini va uni Ukraina Qurolli kuchlari uchun 5,2 million dollarga sifatsiz zirhli nimchalar sotib olishga ko‘ndirganini ma’lum qildi.
Shuningdek, OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Rustem Umerov AQShga safari chog‘ida Federal tergov byurosi (FTB) rahbariyatidan tadbirkor Timur Mindichning yirik korrupsiya ishini tergov qilishda Ukraina Milliy aksilkorrupsiya byurosiga (NABU) yordam bermaslikni so‘ragan.