Xitoyning ByteDance kompaniyasiga tegishli TikTok ijtimoiy tarmog‘i kontentni mo‘tadillashtiradigan va platforma xavfsizligini ta’minlovchi Buyuk Britaniyadagi bo‘limida yuzlab xodimlarni ishdan bo‘shatishi mumkin.
Bu haqda Financial Times xabar bermoqda.
Ushbu bo‘linma xodimlari rahbariyatdan kompaniya bundan buyon Londondan moderasiya o‘tkazmasligi haqida xat oldilar. Britaniya aloqa xodimlari kasaba uyushmasi hisob-kitoblariga ko‘ra, kompaniyaning London bo‘limida 300 ga yaqin odam ishlaydi va ularning aksariyati ishdan bo‘shatilishi mumkin.
Moderasiya qisman arzonroq ishchi kuchi bo‘lgan boshqa mamlakatlarga, shu jumladan Dublin yoki Lissabondagi bo‘linmalarga o‘tkaziladi va qisman sun’iy intelekt tomonidan amalga oshiriladi.
"Texnologik innovasiyalar, jumladan, yirik til modellarini ishlab chiqish yondashuvimizni o‘zgartirmoqda", — deyiladi xatda.
Yaqinda Buyuk Britaniyada "Onlayn xavfsizlik to‘g‘risida"gi qonun kuchga kirdi, jumladan, platformalar foydalanuvchilarning yoshini tekshirishni va 18 yoshgacha bo‘lgan odamlar uchun potensial xavfli kontentni cheklashni talab qiladi.
TikTok bu xususiyatni o‘tgan oy taqdim etdi va kompaniya kelajakda yoshni aniqlash uchun foydalanuvchi xatti-harakatlarini tahlil qila oladigan sun’iy intelekt vositalaridan foydalanishni rejalashtirmoqda.