Bugun 20 iyun, 2025 yil, juma

КИР

Telegram va FSB: messenjer chindan ham xavfsizmi?

Telegram va FSB: messenjer chindan ham xavfsizmi?

OCCRP nashri tomonidan olib borilgan surishtiruv Telegram messenjerining xavfsizligi borasida jiddiy savollarni yuzaga chiqardi.

Surishtiruvda Vladimir Vedeneev haqida so‘z boradi. U 45 yoshli rossiyalik muhandis bo‘lib, ismi hujjatlarda Global Network Management kompaniyasining egasi sifatida ko‘rsatilgan. Mazkur kompaniya Telegram serverlarini texnik qo‘llab-quvvatlaydi va IP-manzillarni nazorat qiladi.

Sud hujjatlariga ko‘ra, Vedeneev Telegram serverlariga eksklyuziv kirish huquqiga ega bo‘lib, bundan u kompaniya nomidan shartnomalar imzolashda foydalangan. Shu bilan birga, Telegram asoschisi Pavel Durov tomonidan berilgan ishonchnoma asosida norasmiy moliyaviy direktor sifatida ham faoliyat yuritgan.

Shuningdek, uning nomida GlobalNet va Electrontelecom kabi kompaniyalar ham bo‘lib, o‘tmishda Rossiya federal xavfsizlik xizmati va Kurchatov yadro ilmiy-tadqiqot instituti kabi tashkilotlarga xizmat ko‘rsatgan. Electrontelecom hanuzgacha Peterburg mintaqasida FSB tomonidan foydalaniladigan kuzatuv tizimlarini boshqaradi. E’tiborlisi, ayni shu vaqtda Telegramʼga 5 000 dan ortiq IP manzillarni taqdim etadi.

Messenjer protokolidagi xavf Telegram doim o‘zining xavfsizlik darajasi haqida yuqori da’volar qilib kelgan. Biroq u foydalanadigan MTProto protokoli “shifrlangan” xabarlar ichida ham “auth_key_id” deb ataluvchi ochiq (shifrlanmagan) elementni o‘z ichiga oladi.

Kiberxavfsizlik mutaxassisi Mishal Vozniyakning izohlashicha, bu messenjer trafigini kuzatayotgan har qanday shaxsga foydalanuvchining qurilmasi, IP-manzili va joylashuvini aniqlash imkonini beradi — hatto xabar matni shifrlangan bo‘lsa ham.

Citizen Lab ekspertlaridan biri Jon Skott-Raylton ham Vozniyakning xavotirlarni tasdiqladi. Mutaxassis Rossiya hukumati nazdida tahdid sifatida ko‘rilgan anonim foydalanuvchilar bu turdagi metadata orqali fosh etilishi mumkinligini aytdi.

Hujjatlarga tayanilsa, Vedeneevning kompaniyasi Telegram serverlari joylashgan Mayami shahridagi ma’lumotlar markazidagi yo‘naltiruvchi qurilmaga egalik qiladi. Bundan tashqari, kompaniya Telegramʼga 10 000 dan ortiq IP-manzilini ijaraga bergan. Vozniyakning fikricha, bu Telegram foydalanuvchilarining metama’lumotlariga kirish xavfini tug‘diradi.

Kiritildi: 19:53 12.06.2025. O'qildi: 832 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!