Shu yilning avgust oyida Tayvanning Tinch okeani sohilida Xitoyning qirg‘oqni qo‘riqlashga ko‘maklashuvchi harbiy-dengiz floti qayig‘i yana ikkita kema bilan birga ko‘zga tashlangani ma’lum bo‘ldi. Apex Aviation kuzatuv hisoboti bilan tanishgan Reuters nashriga ko‘ra, ushbu hududda bunday turdagi kema birinchi marta uchramoqda.
Hisobotda "Minfudingyu 07902" baliq ovlash qayig‘i sifatida qayd etilgan. Bundan tashqari, u Xitoy harbiylashtirilgan kemasi vazifasini ham bajaradi. Ushbu kema avgust oyi o‘rtalarida Xitoy qirg‘oqni qo‘riqlash katerlari va ilmiy-tadqiqot kemasi bilan birgalikda harakatlanayotganida ko‘zga tashlangan.
Reuters'ning yozishicha, Tayvanni o‘z hududi deb hisoblaydigan Xitoy iyun oyidan beri muntazam patrul xizmati bilan orolning sharqiy qirg‘og‘ida faollikni oshirmoqda. Tayvan Pekinning suverenitet da’volarini rad etdi. Tayvan rasmiylarining aytishicha, Xitoy o‘zining harbiy, harbiylashtirilgan va fuqarolik vositalaridan foydalanib, ehtimoliy dengiz qamaliga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Tayvan esa qamal yoki ziddiyat yuzaga kelganda aynan sharqiy qirg‘oqdagi hududni ittifoqchilarning ta’minot yo‘llari uchun o‘ta muhim deb hisoblaydi.
"Xitoy “huquqni muhofaza qilish va ilmiy tadqiqotlar”ni niqob sifatida ishlatib, ziddiyatsiz ssenariy paytida – de-fakto yurisdiksiya illyuziyasini yaratish uchun o‘z harakatlari qamrovini kengaytirmoqda. Bunday harakatlar xalqaro tartibga putur etkazishi va Tayvanning dengiz huquqlariga xavf tug‘diradi", deya munosabat bildirdi Tayvan Mudofaa vazirligi.