Bugun 24 aprel, 2024 yil, chorshanba

КИР

Tavbaning sirlari

Tavbaning sirlari

Gunohlar bandani Allohdan to‘sadigan pardadir. Allohdan uzoqlashtiradigan barcha narsadan uzoqlashish shart! Bu esa ilm (gunoh Allohdan uzoqlashishga sabab bo‘lishini bilish), nadomat (gunoh qilib qo‘yganiga pushaymon bo‘lish) va azm (hech qachon gunohga qaytmaslikka qaror qilish) bilan bo‘ladi. Chunki, banda gunohlar Allohdan uzoqlashishga sabab bo‘luvchi ekanini bilmasa, qilgan gunohlariga nadomat qilmaydi, yuragi siqilmaydi. Nadomat qilmagach, gunohdan qaytmaydi.

Tavba – ma’siyatdan toatga qaytish degani. Banda gunoh sodir etgandan keyin tavba qilishi vojibdir.

Agar gunoh banda bilan Robbi o‘rtasidagi narsalarga oid bo‘lsa, bu ma’siyatdan tavba qilishning uchta sharti bor:

1. Gunohlardan darhol, butunlay uzilish.

2. Nadomat qilish. Buning alomati uzoq vaqt mahzun bo‘lishdir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Nadomat tavbadir” deganlar. Imom Ahmad rivoyati.

3. Gunohga hech qachon qaytmaslikka azmu qaror qilish.

Agar ushbu uchta shartdan birortasi bo‘lmasa, tavba sahih bo‘lmaydi.

Endi agar ma’siyat inson bilan inson o‘rtasiga tegishli bo‘lsa, tavbaning to‘rtinchi sharti ham bo‘ladi. Bu – o‘sha odamning roziligini olish, haqqini qaytarib berish.

Agar mol olgan bo‘lsa, egasiga qaytarib beradi yoki pulini beradi. Agar g‘iybat qilgan bo‘lsa, borib, uzrini aytadi va o‘sha odamning haqqiga Allohdan mag‘firat so‘raydi.

Alloh taolo shunday deb marhamat qilgan:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا تُوبُوا إِلَى اللَّهِ تَوْبَةً نَّصُوحاً عَسَى رَبُّكُمْ أَن يُكَفِّرَ عَنكُمْ سَيِّئَاتِكُمْ وَيُدْخِلَكُمْ جَنَّاتٍ تَجْرِي مِن تَحْتِهَا الْأَنْهَارُ

“Ey iymon keltirganlar! Allohga xolis tavba qilinglar! Shoyadki Robbingiz gunohlaringizni yuvsa va sizni daraxtlari ostidan anhorlar oqib turgan jannatlarga kiritsa...” (Tahrim surasi, 8-oyat).

Kishi tavbani chin yurakdan Allohning roziligini ko‘zlab qilishi kerak. Agar obro‘sini o‘ylab, hurmatini saqlash uchun, mansabida qolish uchun, pulini tejash uchun, odamlarning maqtoviga erishish uchun yoki ularning yomonlashidan saqlanish uchun, puli yo‘qligi uchun, kasal bo‘lib qolgani uchun, o‘sha gunohni qilishga sharoit bo‘lmagani uchun mazkur gunohdan tiyilsa, bu haqiqiy tavba bo‘lmaydi.

Tavbani keyinga surishning zarari 

“Ertaga tavba qilaman” deydigan inson ertaga ham yashashini qayerda biladi?!

Qisqa hikoyada shunday keladi: “Ertaga tavba qilaman deb uyquga yotdi va qaytib turmadi”

Tavbani kechga suruvchi kishi ikki xatarning orasida bo‘ladi:

1. Gunohlar ko‘paygani sari qalbini zulmat qoplab oladi. Natijada gunoh qilish uning tabiatiga aylanib qoladi.

2. Kasal bo‘lib qolib, qalbidagi zulmatni ketkazishga vaqt topolmay qolishi mumkin. Natijada Robbining huzuriga salim bo‘lmagan qalb bilan boradi. Zero, Allohning huzuriga salim qalb bilan borgan kishigina najot topadi.

Ulamolar shunday misol keltirganlar: “Tavbani keyinga suruvchi kishi daraxtni joyidan sug‘urishni kechga suruvchi kishiga o‘xshaydi. Bir kuni borib qarasa, daraxt yo‘g‘onlab ketibdi. Endi uni juda ko‘p mashaqqat bilangina sug‘urish mumkin bo‘ladi. Daraxt joyida turgani sari baquvvatlashib borganidek tavbani ortga surib, gunohlari ko‘payib ketgan kishining tavba qilishi juda qiyin bo‘ladi. Umri o‘tgani sayin tabiatga aylanib qolgan gunohlardan voz kechish qiyin bo‘ladi.

Quvvati borligida gunohdan tavba qilmadi. Vaqt o‘tib o‘zi zaiflashdi, gunohlar esa ko‘payib qalbini o‘rab oldi. Endi unga juda qiyin bo‘ladi”.

Olimlardan biri shunday degan: “Alloh taolo bir bandasiga yaxshilikni iroda qilsa, unga tavba, nadomat, siniqlik, xorlik, muhtojlik, O‘zidan yordam so‘rash, doimiy tazarru’ va duo qilish eshigini ochib qo‘yadi. Oxirida o‘sha banda shunday tavba qiladiki, shayton alayhila’na “Qaniydi uni gunohga vasvasa qilmaganimda, uni tark etganimda edi” deb qoladi”.

Tavba qabul bo‘lganining alomatlari 

  • Tavbadan keyin inson oldingidan yaxshi tarafga o‘zgarishi, gunohlardan uzoq yurib, solih amallarga o‘zini urishi.
  • Qalbida Allohdan qo‘rquvi ketmasligi, Allohning makridan bir muddat ham xotirjam bo‘lmasligi va bu xavf to vafot etgunicha davom etishi.
  • Qalbning qo‘rquvdan yorilay deb turishi.
  • Qalbning siniqligi. Banda qilgan gunohini o‘ylab qalbida siniqlik, xoksorlik bo‘ladi. Boshqalar buni sezmaydi. Ammo u banda doim qilgan gunohlaridan uyalish hissi bilan yonadi.

Kim mana shu narsalarni his qilmasa, tavbasiga e’tiborli bo‘lsin. Uni tuzatishga, tavbasi chin bo‘lishiga harakat qilsin. Alloh taolodan o‘zini nasuh tavba bilan rizqlantirishini so‘rasin. 

Manba: azon. uz

Kiritildi: 22:45 24.08.2019. O'qildi: 4127 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!