Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov davlat qarzi bo‘yicha tanqidlarga javob berdi: mamlakat infratuzilmasini rivojlantirish uchun tashqi mablag‘ jalb etish tabiiy va zaruriy jarayon, deb ta’kidladi.
O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov mamlakat tashqi qarzi masalasida bildirilayotgan e’tirozlarga munosabat bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shahar, qishloq va mahallalarni obodonlashtirish ishlarining bir qismi tashqi qarz hisobidan moliyalashtiriladi va buda «hech qanday uyatli joy yo‘q».
Qo‘chqorov ta’kidlashicha, iqtisodiyotdagi rivojlanish talablari katta sarmoyani talab qiladi. Yo‘llar, ichimlik suvi, energetika tarmoqlari, aeroportlar, temiryo‘l va mudofaa sohasini qo‘llab-quvvatlash uchun davlat xarajatlari kerak. Bu xarajatlarning muayyan qismi tashqi qarz hisobiga qoplanadi.
Vazir shuningdek, uy-joy dasturlarida ham chet el mablag‘lari ishtirokini oqlagan holda, chekka hududlardagi ko‘p qavatli uylarni qurish va ipoteka krediti berishda banklarni uzoq muddatli moliya bilan ta’minlash uchun tashqi resurslar zarurligini qayd etdi.
«Qarz oshdi» deb gapirayotganlar mamlakat yalpi ichki mahsuloti 115 mlrd dollarga yetganini ham inobatga olishlari kerak, — dedi Qo‘chqorov.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning dastlabki uch oyida O‘zbekistonning davlat qarzi 2,2 mlrd dollarga oshgani haqida rasmiy ma’lumot berilgan edi. Mazkur tendensiya fonida rasmiylar tashqi mablag‘lar iqtisodiy barqarorlik va rivojlanish uchun muhim manba ekanini ta’kidlamoqda.