Daniya hukumati o‘qituvchilarning o‘quvchilar bilan bog‘liq nizolarga jismoniy aralashish huquqini kengaytiruvchi qonun loyihasini parlamentga kiritdi. Agar hujjat ma’qullansa, 2027 yil avgustidan boshlab pedagoglar darsga jiddiy xalaqit berayotgan, boshqalarni kamsitayotgan, mol-mulkka zarar yetkazayotgan yoki xavf tug‘dirayotgan o‘quvchini ushlab turishi yoki uning xohishiga qarshi boshqa xonaga olib chiqishi mumkin bo‘ladi.
Hozirgi qoidalarga ko‘ra, jismoniy kuch ishlatishga asosan bevosita xavfning oldini olish uchun ruxsat berilgan.
Daniya ta’lim vaziri Magnus Xoynike jismoniy aralashuv eng so‘nggi chora bo‘lib qolishi kerakligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘qituvchi avvalo vaziyatni yumshoqroq usullar bilan hal qilishga harakat qilishi shart. Jismoniy aralashuv esa imkon qadar qisqa va ehtiyotkorlik bilan amalga oshirilishi lozim.
«Zarur bo‘lgan xavfli vaziyatda aralashgani uchun biror bir o‘qituvchi ishdan bo‘shatilishdan qo‘rqmasligi kerak», — dedi vazir.
Hukumat islohot zaruratini maktablarda zo‘ravonlik holatlari ko‘payib borayotgani bilan izohlamoqda. Ta’lim vazirligi tadqiqotiga ko‘ra, o‘qituvchilarning chorak qismidan ko‘prog‘i so‘nggi yillarda tajovuzkor xatti-harakatlar ko‘paygan deb hisoblaydi. Taxminan har beshta sinfdan birida zo‘ravonlik pedagoglarga nisbatan ham sodir bo‘lgan.
Qonun loyihasi tanqidchilari esa o‘qituvchilarning vakolatlarini kengaytirish nizolarning yanada keskinlashishiga va o‘quvchilar bilan pedagoglar o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashishiga olib kelishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.