Bugun 18 dekabr, 2024 yil, chorshanba

КИР

Tanzila Narbayeva: “Keyingi yil Davlat byudjetida ijtimoiy yondashuv ustuvorligi saqlab qolingan”

Tanzila Narbayeva: “Keyingi yil Davlat byudjetida ijtimoiy yondashuv ustuvorligi saqlab qolingan”

“O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” degan Konstitsiyaviy tamoyilga mos ravishda kelgusi yil Davlat byudjetida ham ijtimoiy yondashuv ustuvorligi saqlab qolingan. Bu haqda Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva ikkinchi yalpi majlisda ma’lum qildi.

“Ijtimoiy xarajatlar 177,7 trln so‘m (jami xarajatlarning 52 foizi). Joriy yilga nisbatan 23,3 trln so‘mga ko‘p.

Jami byudjet xarajatlarining chorak qismi (86,3 trln so‘m) ta’lim va fan sohasiga yo‘naltirilayotgani alohida e’tiborga molik.

Kelgusi yilda maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasini 77,5 foizga yetkazish mo‘ljal qilingan. Bu degan so‘z – bog‘cha yoshidagi har 3 nafar boladan 2 nafari bog‘chaga boradi. 6 yil oldingi holat bilan taqqoslaganda bu inqilobiy o‘zgarish.

Shu kabi sog‘liqni saqlash, madaniyat, sport sohalariga ham ajratilayotgan mablag‘lar salmog‘i oshyapti.

Aholini ijtimoiy himoya qilish masalalari kelgusi yilda ham e’tibor markazida bo‘lishini alohida ta’kidlash lozim.

“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida:

15 ta tuman va shaharni kompleks rivojlantirish (1 trln), hududlarni rivojlantirishda muhim “drayver” loyihalar uchun zarur infratuzilmani yaratish (800 mlrd), og‘ir ahvoldagi 1000 ta mahalla infratuzilmasini yaxshilash (1,4 trln) maqsad qilingan.

Bu esa millionlab aholi uchun munosib sharoitlar yaratilishini anglatadi.

Shu o‘rinda e’tiboringizni bir jihatga qaratsam. O‘tgan 5 yil davomida byudjetni shakllantirish jarayonida Senatning hukumat bilan yaqindan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, ijobiy amaliyot shakllandi.

Xususan, hududlardagi o‘rganishlarimiz hamda aholi bilan bevosita muloqotlarimiz asosida har yili (avgust-sentyabr oylarida) Davlat byudjetida nazarda tutish uchun takliflar tayyorlanib, hukumatga taqdim etilmoqda. Aynan shu takliflar asosida joylarda 6 mingga yaqin muammoli masalalarni (maktab, bog‘cha, kasalxona, suv, yo‘l va h.k.) hal qilishga umumiy hisobda 14 trln so‘mdan ziyod byudjet mablag‘lari yo‘naltirilishi ta’minlandi.

Shu jumladan, 2025 yilgi byudjet parametrlarida ham Senat takliflari asosida 200 ta loyihaga 1,7 trln so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirish ko‘zda tutilmoqda.

Ular asosan ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport muassasalarini, ichimlik suvi, kanalizasiya tarmoqlarini qurish va ta’mirlash, mahallalar hamda yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar.

Fursatdan foydalanib, Jamshid Anvarovich, Sizga, o‘rinbosarlaringizga, vazirlikning boshqa mutasaddilariga yaqindan hamkorlik uchun Senat nomidan minnatdorlik bildiramiz.

Mazkur amaliyot yangi chaqiriqda ham davom ettirilib, hamkorligimiz yanada chuqurlashadi, deb umid bildiraman.

Shu nuqtai nazardan, joylarda o‘tkaziladigan nazorat tadbirlarimizda, aholi, saylovchilar bilan bo‘ladigan muloqotlarimizda aniqlangan muammoli masalalarni byudjetdan zarur resurslar ajratgan holda samarali hal qilish bo‘yicha hukumatga aniq takliflar kiritib borishimiz zarur.

Prezidentimizning sa’y-harakatlari va qo‘llab-quvvatlovi bilan mamlakatimizda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish boyicha dadil qadamlar qo‘yilmoqda, parlamentlararo aloqalar kuchaydi, mintaqa va global miqyosdagi tadbirlar, forumlar o‘tkazilmoqda, muhim tashabbuslar ilgari surilmoqda.

Kelgusi yilgi Davlat byudjeti va umuman oxirgi yillarda byudjetni shakllantirishda BRMga, shu jumladan, “yashil” loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga, bunda ayniqsa ta’lim, sog‘liqni saqlash, energetika, toza suv va sanitariya hamda yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani quvonarli.

BRMni moliyalashtirish va “yashil” loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha islohotlarni jadallashtirish maqsadida mintaqada ilk bor 340 mln dollar miqdorida “yashil” va 600 mln yevro miqdorida BRM suveren xalqaro obligasiyalar joylashtirilgan.

Joriy yilda Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsadlarni (16 ta) amalga oshirish uchun yo‘natirilgan mablag‘lar jami byudjet xarajatlarining 69 foizini tashkil qilgan bo‘lsa, kelgusi yilda bu 72 foizdan ziyodni (qariyb 246,5 trln so‘m) tashkil etishi belgilangan.

Zero, Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsadlarni amalga oshirish, avvalo, moliyaviy manba bilan ta’minlanishga bog‘liq.

Jumladan, byudjetni ko‘rib chiqish davomida gender tenglikni ta’minlash sohasiga e’tibor qaratilishi (genderga asoslangan milliy byudjet) gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha erishilayotgan natijalarga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatmoqda.

Jumladan, yaqinda e’lon qilingan Gender tenglik va boshqaruv indeksida boshqaruv, ta’lim, IT (AyTi), mehnat, tadbirkorlik va zo‘ravonlikni oldini olish sohalarida erishilgan ijobiy natijalarga ko‘ra O‘zbekiston 103-o‘rindan 52-o‘ringa ko‘tarildi.

Ushbu raqamlar O‘zbekiston BRMga qanchalik jiddiy e’tibor qaratayotganini va umuman ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarimiz BRM bilan uyg‘un ravishda amalga oshirilayotganini bildiradi.

2025 yil mamlakatimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilingani ham barqaror rivojlanish maqsadlaridan kelib chiqqanini anglagan holda, hukumat va parlament bir bo‘lib mazkur yo‘nalishda yanada mas’uliyatli bo‘lishimiz zarur.

Byudjet jarayonlarining ochiq va shaffof bo‘lishiga, mablag‘lar maqsadli va samarali sarflanishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilishi kerak.

Bu borada paralment bilan qatorda mahalliy Kengashlar ham faol va mas’uliyatli bo‘lishlari lozim. Chunki byudjet hisobidan bo‘ladigan barcha loyihalar hududlarda amalga oshiriladi. Ularning o‘z vaqtida, sifatli bajarilishi deputatlarning doimiy e’tibor markazida bo‘lishi lozim.

Jamoatchilik o‘rtasida byudjet bilan bog‘liq har qanday fikr-mulohazalarga, muhokamalarga o‘z vaqtida malakali javob berib borilishi, ochiq va konstruktiv muloqotga kirishish (asosli takliflarni inobatga olish) – asossiz va o‘rinsiz rezonanslarning oldi olinishiga xizmat qiladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda barcha vazirlik, idoralar, ayniqsa hududiy ijro organlaridan bunga alohida mas’uliyat bilan qarashlari talab etiladi”, dedi Tanzila Narbayeva.

Kiritildi: Bugun 15:13. O'qildi: 357 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!