Ijtimoiy tarmoqlarda YouTube platformasida faoliyat yurituvchi taniqli bloger, “Sirojiddin media” kanali egasi Sirojiddin Adilovning qamoqqa olingani haqida xabarlar tarqalgan edi. Samarqand viloyati IIBga tegishli rasmiy Telegram kanali ushbu ma’lumotni tasdiqladi.
Ma’lum qilinishicha, Pastdarg‘om tumanida yashovchi 65 yoshli fuqaro R.X. tuman IIBga murojaat qilib, S.Adilov uni aldab pul olgani yuzasidan shikoyat qilgan. Arizachiga ko‘ra, 2024 yilda S.Adilov boshqa shaxs bilan o‘rtasidagi moliyaviy masalani hal qilib berish va ishni uning foydasiga hal etishni va’da qilib, ma’lum miqdorda pul olgan. Biroq u va’dasini bajarmasdan, shu kungacha arizachini aldab kelgan.
Viloyat IIBning ma’lum qilishicha, ushbu holat yuzasidan Sirojiddin Adilovga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi (firibgarlik) hamda 211-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va u qamoqqa olingan.
Hozirda mazkur ish yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.