Armaniston Rossiyaning mamlakatda atom elektr stansiyasi (AES) qurish bo‘yicha taklifini o‘rganmoqda. Biroq yakuniy qaror 2027 yilda qabul qilinadi. Bu haqda Armaniston hududiy boshqaruv va infratuzilmalar vaziri David Xudatyan ma’lum qildi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyadan tashqari AQSH, Xitoy, Janubiy Koreya va bir qator Yevropa davlatlarining takliflari ham ko‘rib chiqilmoqda. Ular texnik xususiyatlari va qiymati jihatidan bir-biridan sezilarli darajada farq qiladi.
Xudatyan ta’kidlashicha, stansiya qurilishi bo‘yicha qaror qabul qilishda asosiy mezonlardan biri uning narxi hisoblanadi. Takliflar o‘rtasidagi farq bir necha milliard dollarga yetishi mumkin. Bu xarajatlar kelgusida elektr energiyasi tariflariga ham ta’sir ko‘rsatishi sababli, Armaniston iqtisodiy manfaatlardan kelib chiqib qaror qabul qiladi.
Mamlakat yangi AES qurish uchun kichik modulli reaktorlardan tortib, quvvati taxminan 1000 megavatt bo‘lgan energobloklargacha bo‘lgan turli variantlarni ko‘rib chiqmoqda.
Dastlab Armaniston hukumati asosan kichik quvvatli reaktorlarga e’tibor qaratgan. Biroq elektr energiyasi iste’molining ortishi bu yondashuvni qayta ko‘rib chiqishga majbur qilgan.
Vazirning qayd etishicha, ikki yil avval mamlakatda elektr energiyasi ortiqcha bo‘lgan bo‘lsa, hozirda unga bo‘lgan talab keskin oshgan.