Aniqlanishicha, Jizzax viloyati Do‘stlik tuman Iqtisodiyot va moliya bo‘limi mas’ul xodimi tomonidan joriy yilning 9 avgust kuni “Davron” MCHJ tomonidan Zafarobod tumani Birlik, Lolazor va Uzun MFY hududida veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limlariga o‘rnatilgan ofis konteynerlari hamda 16-sonli maktab binosida sun’iy qoplamali kichik stadion qurilishi bo‘yicha amalga oshirgan qurilish-montaj ishlari nazorat o‘lchovidan o‘tkazilgan hamda natijasi bo‘yicha dalolatnomalar rasmiylashtirilgan.
Jamiyatda o‘tkazilgan tekshiruvlarning qonuniyligi o‘rganilganda, mas’ul xodim tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tekshirishning belgilangan tartibiga rioya qilinmaganligi aniqlandi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Prezidentining 2018 yil 27 iyuldagi “Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–5490-sonli Farmonining 5-bandiga ko‘ra, 2018 yil 1 sentyabrdan nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlar Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatga olinishi shart.
Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatga olinmagan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlar noqonuniy hisoblanadi.
Biroq mas’ul xodim tadbirkorlik sub’ektlarida tekshirishni amalga oshirish bo‘yicha maxsus guvohnomaga ega bo‘lsa-da, “Davron” MCHJ tomonidan bajarilgan qurilish-montaj ishlari bo‘yicha o‘tkazilgan tekshiruvni “Yagona davlat nazorati” axborot tizimidan ro‘yxatga olmasdan o‘tkazgan, tekshiruv davomida uning qonunda belgilangan huquqlarini tushuntirmagan.
Shunga ko‘ra, Biznes-ombudsman devoni xodimlari tomonidan mas’ul xodimga nisbatan MJtKning 241-2-moddasi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan va bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravari (13,2 mln so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlangan.