Surxondaryo viloyatida 633 million so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holati fosh etildi. Bu haqda «O‘zenergoinspeksiya» xabar berdi.
Qayd etilishicha, viloyatda inspeksiyaning hududiy boshqarmasi, viloyat prokuraturasi va Ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda nazorat tadbiri o‘tkazilgan. Unda Jarqo‘rg‘on tuman «Qo‘shtepa» MFYda fuqaro M.I.ga qarashli suv nasosining elektr hisoblagichi ulanish sxemasini o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirgan holda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu qoidabuzarlik natijasida elektr ta’minoti korxonasiga 633,4 million so‘mlik zarar yetkazilgan. Hozirda mazkur holat yuzasidan huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.