Agentlikning xabar berishicha, sud 2011 yilda Deraada yuz bergan voqealar bilan bog‘liq ayblovlar asosida Suriyaning sobiq prezidenti Bashar Asadga nisbatan sirtdan hibsga olish orderini chiqargan. Sudyaning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror “xalqaro ta’qiblar yo‘lini ochadi”.
2011 yilda Deraada Bashar Asad hukumatiga qarshi norozilik namoyishlari boshlangan edi. Namoyishlar keyinchalik jangarilar, muxolifat guruhlari va Suriya armiyasi o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarga aylanib ketgandi. Order Deraa voqealarida halok bo‘lganlarning qarindoshlari tomonidan berilgan da’vo asosida chiqarilgan.
2024 yil dekabrida Bashar Asad rejimi ag‘darildi, sobiq prezident esa Rossiyaga qochib ketdi. Kreml rasmiy ravishda unga “gumanitar maqsadda” siyosiy boshpana berganini bildirgan edi.