Suriya yetakchisi Ahmad ash-Shar’a AQSh prezidenti Donald Tramp bilan bosib olingan Golan tepaliklari masalasini muhokama qilayotganida Isroilga Nyu-Jersi shtatini berishni taklif qilganini bildirdi. Bu haqda Ash-Shar’aning o‘zi Nyu-Yorkda Atlantika kengashi tomonidan tashkil etilgan tadbirda ma’lum qildi.
"Tramp bilan munosabatlarimiz mutlaqo o‘ziga xos tarzda shakllandi. Uning oldiga, Oq uyga kelganimda hazillashdim. Tramp Golan tepaliklari Isroil suvereniteti ostida ekani haqida gapirganida, men: nega Nyu-Jersini isroilliklarga bermaysiz? Golan tepaliklari sizga tegishli emas, ammo Nyu-Jersi sizniki dedim. Bilishimcha, u yerda Trampga ovoz bermaydigan demokratlar ko‘p. Shunday ekan uni isroilliklarga bersa yomon bo‘lmasdi. Axir bu unga tegishli hudud, ammo Golan tepaliklari prezident Trampniki emas", — dedi Suriya prezidenti.
Ash-Shar’aning so‘zlariga ko‘ra, Tramp ushbu suhbat davomida Golan tepaliklari Suriyaniki ekanini tan olgan.
"Bunday hazildan qat’i nazar, Golan tepaliklari o‘zining xalqiga, suriyaliklarga tegishli. Shuning uchun na Suriya prezidenti, na AQSh prezidenti, na boshqa kimdir ulardan voz kechishga yoki ularni boshqalarga berishga haqli", — deya ta’kidladi Suriya prezidenti.
1944 yildan beri Suriya tarkibida bo‘lgan Golan tepaliklari 1967 yilda “Olti kunlik urush” davomida Isroil tomonidan egallab olingan. 1981 yilda Isroil bu hududni bir tomonlama annekciya qilgan. BMT Xavfsizlik kengashi 1981 yilda qabul qilingan 497-rezolyusiya bilan annekciyani haqiqiy emas deb topgan. 2019 yilda Donald Tramp AQSh prezidentligi lavozimidagi birinchi muddati davomida tegishli deklarasiyani imzolab, Isroilning Golan tepaliklari ustidan suverenitetini tan olgan.