Damashq Saudiya Arabistoni, Turkiya va Pokistonni birlashtiruvchi Makka mudofaa ittifoqiga qo‘shilish imkoniyatini muhokama qilmoqda.
Bu haqda Suriya tashqi ishlar vaziri Asaad Hasan ash-Shayboniy Bahraynda bo‘lib o‘tgan IISS Manama Dialogue konferensiyasida ma’lum qilgan.
«Ayni paytda Suriyaning Makka ittifoqiga qo‘shilish imkoniyatini baholash maqsadida muhokamalar olib borilmoqda», — dedi vazir.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda mintaqadagi hech bir davlat o‘z xavfsizligini mustaqil ravishda ta’minlay olmaydi. Ash-Shayboniy Fors ko‘rfazi xavfsizligi Suriya joylashgan mintaqaning umumiy xavfsizligining bir qismi ekanini ta’kidladi. Shuningdek, Damashq chegaralararo faoliyat yurituvchi qurolli guruhlarga qarshi kurashda Ko‘rfaz davlatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, Makkadagi o‘zaro mudofaa to‘g‘risidagi kelishuv 7 avgust kuni imzolangan. Hujjatga ko‘ra, ishtirokchi davlatlardan biriga qilingan hujum barcha a’zo davlatlarga qilingan hujum sifatida baholanadi.
Kelishuv mudofaa vazirlari, tashqi ishlar vazirlari va Bosh shtab rahbarlari ishtirokidagi mexanizmlarni yaratish hamda eng yuqori darajadagi muvofiqlashtiruvni yo‘lga qo‘yishni nazarda tutadi.
Hamkorlik dastlab qo‘mondonlik-shtab va dala o‘quv mashg‘ulotlari orqali boshlanadi. Keyingi bosqichlarda esa quruqlikdagi, dengiz va havo kuchlari, havo hujumidan mudofaa vositalari hamda uchuvchisiz tizimlar ishtirokidagi qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarga aylanadi.