Bu haqda AFP xabar bermoqda
"Kecha Suriya prezidenti Ahmad ash-Sharaa “zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish” haqida e’lon qilgan bo‘lsa ham Suriya janubidagi As-Suvayda viloyatida diniy guruhlar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar davom etmoqda", deya yozmoqda agentlik.
Londonda joylashgan Suriya inson huquqlari monitoring markazi (SOHR) ma’lumotlariga ko‘ra, shialarning firqasi hisoblanuvchi druzlar va sunniylar badaviylar, shuningdek, Suriya hukumat kuchlari va Isroil armiyasi o‘rtasidagi to‘qnashuvlar natijasida halok bo‘lganlar soni ming nafardan oshgan.
Yakshanba kuni badaviy qabilalari vakillari o‘tgan haftada to‘qnashuvlar markaziga aylangan As-Suvayda shahridan qurolli otryadlarini olib chiqayotganini ma’lum qilishdi. Avvalroq Suriya hukumati ham bu haqda xabar bergan edi, bu Isroilning talabidan so‘ng sodir bo‘ldi. Isroil Damashqni druzlarga nisbatan ta’qibda va ularning dushmani hisoblanuvchi badaviylarga amaliy yordam berayotganlikda ayblagan edi.
Isroilda druzlar soni anchagina, va mamlakat rasmiylari ushbu etno-konfessional guruh vakillarini nafaqat Isroil hududida, balki Suriyada ham himoya qilishga tayyor ekanliklarini bildirgan.
Suriyaning muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Sharaa, garchi badaviyga nisbatan moyilligi bilan tanilgan bo‘lsa-da, shanba kuni ularni druzlar bilan to‘qnashuvlarni to‘xtatishga va As-Suvaydadan qurolli otryadlarni olib chiqishga chaqirdi. Shunga qaramay, shanba oqshomida hududdan yana otishmalar haqida xabarlar kelib tushdi. AFP agentligi muxbirining aytishicha, u qurollangan shaxslarning do‘konlarni talon-taroj qilib, yoqib yuborayotganiga guvoh bo‘lgan.