Terrorizmni moliyalashtirish jinoyatini sodir etgan bir guruh shaxslar faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Toshkent shahri, Samarqand, Buxoro, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida yashovchi, 1987 va 1998 yillar oralig‘ida tug‘ilgan 8 nafar fuqaro Suriya davlatidagi «G‘uroba katibasi» terroristik tashkiloti media-blogeri, Qirg‘iz Respublikasi fuqarosi, 1996 yilda tug‘ilgan Abdulmuhsin Usmonovning g‘oyaviy-psixologik ta’sirlari oqibatida unga tegishli hisob-raqamlarga pul o‘tkazib bergan.
«Saad Muxtor» taxallusli mazkur shaxs Telegram messenjeri orqali Falastinda jabr ko‘rgan musulmonlarga ehson qilish niqobi ostida pul yig‘ish bilan shug‘ullangan. To‘plangan mablag‘lar esa Suriyadagi terrorchilar uchun sarflangan.
DXX xabariga ko‘ra, sud hukmi bilan qonunbuzarlarning 7 nafariga 3 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, 1 nafariga 4 yil 4 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Jinoyat kodeksining 155-3-moddasiga ko‘ra, terrorizmni moliyalashtirish – 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.