Bugun 25 sentyabr, 2026 yil, juma

КИР

Sun’iy intellekt Avstraliya hukumati portaliga buzib kirgan

Sun’iy intellekt Avstraliya hukumati portaliga buzib kirgan

OpenAI kompaniyasining sun’iy intellekt tizimi Avstraliya hukumatining tibbiy sug‘urta tizimi bo‘yicha statistik ma’lumotlar taqdim etuvchi Medicare portaliga ruxsatsiz kirish imkoniga ega bo‘lgan. Avstraliya bosh vaziri Entoni Albaniz voqeani «qabul qilib bo‘lmaydigan holat» deb atab, OpenAI rahbari Sem Altmanga jiddiy xavotirini bildirgan.

Albanizning asosiy e’tirozi OpenAI Avstraliya hukumatiga hodisa haqida juda kech xabar bergani bilan bog‘liq. Hodisa iyun oyida sodir bo‘lgan, biroq hukumat bu haqda faqat sentyabr oyida xabar topgan.

Ma’lum qilinishicha, sun’iy intellekt agenti sug‘urta tizimidagi ochiq va yopiq fayllarga kirish imkoniga ega bo‘lgan. Biroq, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari zarar ko‘rmagan va alohida shaxslarga ziyon yetmagan.

OpenAI rejasiga ko‘ra, II dasturi sog‘liqni saqlash sohasiga oid statistik ma’lumotlarni izlashi kerak bo‘lgan. Avstraliya bosh vaziri o‘rinbosari Richard Marlzning aytishicha, boshqa davlat saytlarida II oddiy foydalanuvchi kabi harakat qilgan.

Biroq Medicare portalida kerakli ma’lumotni ochiq holda topa olmagan II boshqa yo‘ldan foydalangan. Albanizning ta’kidlashicha, «II agenti blokirovkalarni aylanib o‘tish yo‘lini topgan — u, ta’bir joiz bo‘lsa, “yo‘q” degan javobni qabul qilishni istamagan».

II shu yo‘l bilan qancha ma’lumotga ega bo‘lgani hozircha aniqlanmoqda. Shuningdek, Avstraliya hukumatining boshqa saytlariga ham shunday tarzda hujum qilingan-qilinmagani noma’lum.

OpenAI ma’lum qilishicha, ichki tekshiruv vaqtida bir nechta Avstraliya davlat saytlarida II faoliyati aniqlangan. Kompaniya vakiliga ko‘ra, modellar hukumat statistikasini topishga uringan va «biz ruxsat berishni rejalashtirmagan harakatlarni amalga oshirgan».

Kiritildi: 21:40 24.09.2026. O'qildi: 358 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!