“Mixail Favorov Xalqaro vaksina instituti bosh direktorining o‘rinbosari sifatida dunyoda turli infeksiyali kasalliklar, jumladan, papilloma virusi, vabo, gripp, pnevmokokk va meningokok kabi qator og‘ir turdagi yuqumli infeksiyalarning oldini olish, profilaktikasi, tashxisi va uni zamonaviy davolash usullarini qo‘llash borasida katta tajribaga ega taniqli mutaxassis hisoblanadi.
U jahonda emlash dasturlarini samarali taqdim etgan olim sifatida ham taniqli. Shu bois ham yuqumli kasalliklarning og‘irligini baholash bo‘yicha tadqiqotlar, shuningdek, vaksinasiyalarning maqsadga muvofiqligi va ta’sirini baholash bo‘yicha lisenziyalangan klinik emlash sinovlari va uni tatbiq etish loyihalarining faol ishtirokchisi sifatida ham faoliyat yuritib keladi.
Mixail Favorov Amerika mikrobiologiya uyushmasi a’zosi, Sog‘liqni saqlash va epidemiologiya bo‘yicha xalqaro ekspert bo‘lib, 40 yillik umrini dunyoning turli hududlarida yuqumli kasalliklarni o‘rganish va oldini olish sohasiga bag‘ishlagan. 100dan ortiq dolzarb ilmiy ishlar muallifidir.
U shu kunlarda xalqaro mustaqil ekspert sifatida yurtimizda koronavirus kirib kelishi va tarqalishining oldini olish borasida faoliyat olib borayotgan Sog‘liqni saqlash vazirligidagi shtab mutaxassislari bilan birgalikda mamlakatimizdagi ushbu sohaga ixtisoslashgan davolash muassasalaridagi tibbiyot xodimlariga ham konsultativ yordam ko‘rsatmoqda”, deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.