Farg‘ona viloyatida yashovchi, 1998 y.t. “R.SH.” o‘zining uyali telefonidagi “Telegram” messenjerida akkaunt yaratib, u orqali diniy mavzuga ixtisoslashgan kanallarga a’zo bo‘ladi, deb yozmoqda O‘zA.
So‘ngra ushbu kanallarda joylashtirilgan xalqaro terroristik tashkilotlar va diniy ekstremistik oqimlarning g‘oyaviy rahnamolari bo‘lgan Sodiq Samarqandiy, Abu Saloh, Abdulloh Zufar va boshqalarning “jihod”ga chorlovchi ma’ruzalarini hamda “Turkiston islom harakati” terroristik tashkilotiga tegishli audio-videomateriallarni yuklab oladi. Shuningdek, ularni Qo‘qon shahrida yashovchi tanishlariga ham tarqatadi.
DXX xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda mazkur shaxs qo‘lga olinib, uning mobil telefoni prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning ekspertiza xulosasiga ko‘ra, “R.SH.”ning telefon apparati xotirasida saqlangan materiallar aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan bo‘lib, ularni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taqiqlanadi.
Hozirda mazkur shaxsga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida uning maslakdoshlarini aniqlash bo‘yicha ham tegishli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.