"Xorijiy maxsus xizmatlar vengriyalik jurnalistlar ishtirokida mening telefon muloqotlarimni tinglab kelayotgani anchadan buyon ma’lum. Bugun ular “muhim kashfiyot” qilishdi, men omma oldida nima desam, telefonda ham xuddi shuni gapirishimni isbotlashdi. Qoyilmaqom ish! Biz to‘rt yildan beri sanksiyalar Rossiyaga qaraganda Yevropa Ittifoqiga ko‘proq zarar keltirayotgan muvaffaqiyatsizlik ekanini aytib kelmoqdamiz", — deb yozdi Vengriya tashqi ishlar vaziri Facebook'dagi sahifasida.
Avvalroq Polshaning FrontStory nashri Peter Siyyartoning Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov bilan telefon muloqoti yozuvlariga asoslangan surishtiruv materialini e’lon qilgan edi.
Suhbatda Vengriya TIV rahbari Lavrovga ayrim shaxslardan, jumladan, milliarder Alisher Usmonovning qarindoshlaridan Yevroittifoq sanksiyalarni olib tashlashda ko‘maklashishga va’da bergan, shuningdek, rossiyalik hamkasbi bilan Yevropa Ittifoqi tuzilmalaridagi yopiq muhokamalar tafsilotlarini o‘rtoqlashgan.