La Republicca Germaniya parlamentida bo‘layotgan jarayonni «saylovlardan bir oy oldin yuz bergan siyosiy zilzila» deb atadi. Nashrga ko‘ra, bu bilan yana bir taqiq buzildi: «milliy-sosializmga nisbatan nostaljiyaga ega partiya hukumatga kirishi mumkin».
La Stampa XDS kanslerlikka nomzodi Fridrix Mersni tanqid qildi: «Yong‘inga qarshi devorniʼ buzish – ya’ni AfD (Muqobil Germaniya uchun) partiyasini yakkalash siyosatidan voz kechish – shoshma-shosharlik bilan qabul qilinadigan qaror emas. Ammo u aynan shunday qildi».
Neue Zürcher Zeitung bu voqealarni boshqacha talqin qildi:
“Mers kuchli nutq so‘zlab, uning uchun migrasiya siyosati qanchalik muhimligini ko‘rsatdi. Biroq, SDP (Sosial-demokratik partiya) va «Yashillar» faqat taktik harakatlar bilan cheklanib, hech qanday yechim taklif qilmadi. Shu sababli ayniqsa sosial-demokratlar bunday siyosat uchun jazo tortadi”.
De Telegraaf yozishicha, Mers AfD atrofidagi «sanitar to‘siq»ni buzibgina qolmay, balki Angela Merkel olib borgan migrasiya siyosatini ham butunlay tugatdi.
Lidové noviny nashri Mersning maqsadini shunday baholaydi: «U AfD bilan aloqalarni cheklovchi taqiqni olib tashlashga harakat qilmoqda. Lekin AfDni hamkor sifatida emas, balki siyosiy vosita sifatida ishlatmoqda».
De Standaard taxminicha, Mers AfD saylovchilarining bir qismini o‘z tomoniga og‘dirishni xohlaydi: «U ularga AfD kanslerlik nomzodi Alisa Vaydel bera olmaydigan narsani taklif qilishi mumkin: davlat boshqaruvida ishtirok etish».
Dagens Nyheter Mersga iliq munosabatda: «Uning qat’iyati va aniq pozisiyasi kansler Olaf Sholsning noaniq siyosatidan keskin farq qiladi. Balki aynan shu narsa hozir Yevropa Ittifoqiga yetishmayotgandir».