Sardoba tumanidagi 1-sonli maktabda ayol dars vaqtida sinfga bostirib kirib, o‘qituvchini urgandi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi o‘qituvchiga qo‘l ko‘targan ayol ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilganini ma’lum qildi.
Holat bo‘yicha Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli bandlariga ko‘ra ma’muriy ish qo‘zg‘atilib, Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo tuman sudida ko‘rib chiqildi.
Sudga viloyat ruhiy kasalliklar shifoxonasi tomonidan berilgan pisixiatrik ekspertiza xulosasi taqdim etilgan. Ushbu ekspertiza xulosasida qayd etilishicha, fuqaro G.X. aqliy zaiflik yengil darajasi bilan xastalangan hamda huquqbuzarlikni sodir etgan vaqtda o‘z harakatlariga javob bera olmagan.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, sud fuqaro G.X.ning umumiy tartibli ruhiy kasalliklar shifoxonasida majburiy davolanishi yuzasidan hukm chiqargan. Fuqaro G.X. ayni vaqtda ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan.
Avvalroq, ayolning o‘qituvchini haqorat qilib, yuziga qarata urgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, jamoatchilik o‘rtasida keskin muhokamalarga sabab bo‘lgan edi. O‘qituvchini urgan o‘quvchining onasi uzr so‘rab chiqqandi. “Jahlim chiqqanda bilmay qoldim. Barchadan uzr so‘rayman”, degan edi u