Sirdaryoda "Kelajak" markazi xodimi, maktab maslahatchisi o‘quvchi qizga tungi vaqtda Telegram orqali ishqiy mazmundagi xabarlar yozgani uchun sud tomonidan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Endigina 16 yoshga kirgan o‘quvchi qizga go‘yoki maktabning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasini yuritib berishi bahonasi bilan murojaat qilgan maktab maslahatchisi odob-axloq chegaralarini unutgan shekilli, qizga nisbatan tungi vaqtlarda ishqiy mazmundagi xabarlar yoza boshlagan. Biroq sud majlisida u mazkur qilmishini tan olmay, ish bo‘yicha taqdim etilgan dalillarni ham rad etishga uringan.
Sud majlisida o‘quvchi qizning qonuniy vakili sifatida ishtirok etgan onasi ta’lim-tarbiya dargohida bunday xodimlarga o‘rin bo‘lmasligini ta’kidlab, suddan ushbu pedagogga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan. Qilgan ishi huquqbuzarlik ekanligini kech bo‘lsa-da anglab yetgan maktab maslahatchisi esa o‘quvchi qiz va uning oila a’zolaridan sud majlisida kechirim so‘ragan.
Biroq sud uning huquqbuzarligi ishdagi mavjud dalillar hamda guvohlarning ko‘rsatmalari bilan o‘z tasdig‘ini topgan, deb hisoblab, unga nisbatan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlagan.
Umumta’lim maktablarida ta’lim va tarbiya uchun mas’ul bo‘lgan maktab maslahatchisining o‘z o‘quvchisiga nisbatan bunday xatti-harakati hamda unga tayinlangan jazo boshqalar uchun ham saboq bo‘lishiga umid qilamiz. Zero, voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan har qanday shilqimlik qonun oldida javobgarlikka sabab bo‘ladi.