Noqonuniy ov oqibatida tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 973 million 125 ming so‘mni tashkil etdi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi, DXX chegara qo‘shinlari, viloyat prokuraturasi va IIB JQB xodimlari hamkorligida Sirdaryo tumanida navbatdagi tezkor reyd o‘tkazildi.
“Sholikor” suv iste’molchilari uyushmasi hududida o‘tkazilgan reyd davomida Sirdaryo daryosining ushbu qismida fuqarolar B.X. va N.A. elektr qarmoq orqali baliq ovlayotgani aniqlandi.
Ular noqonuniy ovlangan 79 dona baliq va ov qurollarini Toshkent viloyati, Chinoz tumanidagi “Chinoz baliq bozori”ga olib ketishga uringan vaqtda to‘xtatib qolindi.
Holat yuzasidan huquqbuzarlardan belgilangan tartibda tushuntirish xatlari olinib, tegishli tartibda dalolatnoma rasmiylashtirildi.
Noqonuniy ovlangan baliqlar va ov qurollari holatga huquqiy baho berilgunga qadar, vaqtinchalik saqlash uchun olib qo‘yildi.
Shuningdek, huquqbuzarlikda foydalanilgan transport vositasi O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 291-moddasi «v» bandiga asosan, belgilangan tartibda vaqtinchalik saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirildi.
Noqonuniy baliq ovlash natijasida «Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi Qonunning 34, 35-moddalari talablari buzilgan.
Hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar miqdori, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 9 fevraldagi 80-son qaroriga asosan, 973 million 125 ming so‘mni tashkil etdi.
Hujjatlar holatga huquqiy baho berish uchun prokuratura organlariga yuborildi.