Sirdaryo suv havzasini nazorat qilish bo‘limi 2024 yilda Ekologiya vazirligi (hozirgi Ekologiya qo‘mitasi) Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi tarkibida tashkil etilgan.
Bugungi kunda bo‘lim davlat inspektorlari tomonidan Sirdaryo daryosining 176 km va Chirchiq daryosining 154 km qismida kecha-yu kunduz ekologik reyd tadbirlari amalga oshirib kelinmoqda.
Ekologik nazorat samaradorligini oshirish va moddiy bazasini mustahkamlash maqsadida Ekologiya qo‘mitasi tomonidan davlat inspektorlari 2 ta yo‘ltanlamas avtotransport, 2 ta motorli qayiq, bodikameralar, tungi yoritish moslamalari, elektroshokerlar, GPS uskunalar, maxsus planshetlar, uchuvchisiz uchish apparati (dron) bilan ta’minlandi.
Shu davr mobaynida bo‘lim tomonidan 100 dan ortiq reyd tadbirlari o‘tkazilib, ekologik qonunchilik talablarini buzgan 53 nafar shaxs aniqlangan.
Ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha 32 nafar shaxsga nisbatan jami 125 mln so‘m jarima hamda 113 mln so‘m miqdorida tabiatga yetkazilgan zarar hisoblangan. Shuningdek, 100,8 mln so‘m mablag‘ undirib olingan.
Reydlar davomida huquqbuzarlardan 44 dona hayvon va parrandalar olib qo‘yilib, tabiat qo‘yniga qo‘yib yuborilgan. Shu bilan birga, 128 kg baliq, 340 metr leskali to‘r hamda 10 dan ortiq noqonuniy ov qilish vositalari (elektroqarmaqlar) musodara qilingan.
Bundan tashqari, jami 52,1 mlrd so‘mlik tabiatga yetkazilgan zarar bilan bog‘liq 17 ta jinoiy ish materiallari huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan. Jinoiy sudlar tomonidan 2 ta holatda jami 6 nafar fuqaroga nisbatan brakonyerlik, ya’ni elektr qarmoq yordamida noqonuniy baliq ovlash holatlari bo‘yicha sud hukmlari o‘qilib, aybdor shaxslar ozodlikdan mahrum etilgan va 13 ta holat yuzasidan sud jarayonlari davom etmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2025 yil 18 noyabrdagi 343-sonli qaroriga muvofiq, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi (Ekopolisiya) to‘g‘risida Nizomi qabul qilindi. Bunga ko‘ra endilikda Ekopolisiya tomonidan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik talablarining buzilishining oldini olish, uni aniqlash va unga chek qo‘yish bo‘yicha ta’sirchan choralarni qo‘llash sohasida vakolatli organ deb tasdiqlandi.
Bundan tashqari, mazkur Nizomga ko‘ra, Ekopolisiya xodimlariga jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalar (elektroshoker qurilmalarini) va xizmat qurolini qo‘llash huquqi berilib, o‘z xizmat vazifalarini bodikameralar yordamida amalga oshirishi belgilandi.
Ayni damda Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi Sirdaryo suv havzasini nazorat qilish bo‘limi tomonidan ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilishga doir, xususan, brakonyerlik holatlariga qarshi kurashish yuzasidan belgilangan chora-tadbirlar ijrosini ta’minlash maqsadida nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda. Jamoatchilik vakillarini, yurtdoshlarimiznj ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik talablariga qat’iy ravishda rioya qilishga hamda jamoatchilik va fuqarolarni brakonyerlik holatlari bilan bog‘liq holatlarni aniqlashda hamkorlikka chaqirib qolamiz.
Ayni paytda Sirdaryo suv havzasini nazorat qilish bo‘limi tomonidan noqonuniy ov va brakonyerlikka qarshi tunu-kun murosasiz kurash asosiy vazifa sifatida belgilangan.
Shu bilan birga, aholi o‘rtasida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, hayvonot va o‘simlik dunyosi ob’ektlaridan noqonuniy foydalanishning oldini olish bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
Hurmatli yurtdoshlar! Atrof-muhitni muhofaza qilish, xususan, hayvonot va o‘simlik dunyosi ob’ektlaridan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq holatlarga guvoh bo‘lganingizda, bu haqda Ekologiya milliy qo‘mitasining qisqa 1157 raqamiga yoki esosontroluz_bot ga murojaat qilishingizni so‘raymiz.