NATO bosh kotibi Rossiya tinchlik kelishuvini buzgan taqdirda, Yevropa davlatlari Ukrainaga qo‘shin yuborishga tayyorligini bildirdi.
Mark Ryutte bu haqda Bild nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
"Albatta, hozircha biz tafsilotlarni ochiqchasiga muhokama qilmayapmiz. Ammo shuni ayta olamanki, bir qator Yevropa davlatlari zarurat tug‘ilsa, qo‘shin ajratishga tayyor ekanini ma’lum qildi", — dedi Ryutte.
Uning qo‘shimcha qilishicha, hozir “Ko‘ngillilar koalisiyasi”ning aniq tuzilmasini belgilash ustida ish olib borilmoqda. Kuchlarni quruqlikda, dengizda va havoda qanday joylashtirish masalasi hal qilinishi lozim.
Qo‘shma Shtatlarning Yevropadan qo‘shinlarini olib chiqish rejalari haqidagi savolga javoban Ryutte yevropaliklar Vashingtonga “mudofaa sohasini kuchaytirishga harakat qilayotganini” aniq ko‘rsatganini ta’kidladi.
"AQSh ham harbiy masalalarda Yevropa bilan birdamlikni saqlab qolishini ochiq-oydin bildirdi. Yevropadan amerikalik harbiylarni olib chiqish masalasi muhokama qilinmayapti", — dedi alyans bosh kotibi.