Bugun 9 noyabr, 2026 yil, dushanba

КИР

Si Jinping o‘z hukmronligini mustahkamlash uchun Xitoy Kommunistik partiyasida yirik “tozalash”ni o‘tkazmoqda

Si Jinping o‘z hukmronligini mustahkamlash uchun Xitoy Kommunistik partiyasida yirik “tozalash”ni o‘tkazmoqda


Xitoyda Si Jinping hokimiyatga kelganidan beri millionlab partiya a’zolari turli jazolarga tortildi. Financial Times nashrining yozishicha, uning uchinchi muddati davomida amaldorlarga nisbatan jinoiy ishlar soni avvalgi muddatga qaraganda 14 barobar ko‘paygan. Si Jinping nazoratning kuchaytirilishini korrupsiyaga hamda “partiya, davlat va qurolli kuchlar ichidagi jiddiy yashirin tahdidlarga” qarshi kurash bilan izohlamoqda.

Kaliforniyadagi Claremont McKenna kollejining davlat boshqaruvi professori Minsin Pey so‘zlariga ko‘ra, Si hukmronligining so‘nggi 11 yili davomida 628 mingga yaqin partiya funksioneri jinoiy javobgarlikka tortilgan va katta ehtimol bilan qamoq jazolariga hukm qilingan. 2024 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoy qamoqxonalarida 1,69 million mahbus saqlanmoqda. Ya’ni, Si o‘tkazgan “tozalash” qurbonlari panjara ortida o‘tirganlarning juda salmoqli qismini tashkil etadi.

Peyning hisob-kitoblariga ko‘ra, Xitoy Kommunistik partiyasining 7,2 millionga yaqin a’zosi u yoki bu shakldagi siyosiy, ma’muriy yoxud sud jazolariga tortilgan. Ular orasida kamida 632 nafar “yo‘lbars siyosatchi” bor; vazir o‘rinbosari yoki muzofot gubernatori o‘rinbosari va undan yuqori lavozimlarni egallagan amaldorlar shunday ataladi.

Partiya ichidagi surishtiruvlarga mas’ul bo‘lgan XKP Markaziy intizomni tekshirish komissiyasi kotibi o‘rinbosari hamda Xitoy Davlat nazorat qo‘mitasi rahbari o‘rinbosari Chjan Fuxay bundan-da yuqori raqamlarni keltirdi, deb xabar berdi «Sinxua».

2012 yilda Si yetakchi sifatida tasdiqlangan XKP 18-s’ezdidan keyingi davr mobaynida butun mamlakat bo‘ylab intizom va nazorat organlari tomonidan 8,105 millionta ish qo‘zg‘atilib, 7,922 million kishi javobgarlikka tortilgan. Ular orasida XKP Markaziy Qo‘mitasi hisobida va nazorati ostida turuvchi 963 nafar mansabdor shaxs bor, deb ma’lum qildi Chjan bir hafta oldin XKP MQ 5-plenumi yakunlari bo‘yicha.

Si Jinping Xitoy rahbarlarining beshinchi avlodi vakili, bu avlod ayni paytda oxirgisi bo‘lib turibdi. Mao Szedun vafotidan so‘ng XKP va mamlakat rahbariyatini har 10 yilda — ikkita 5 yillik muddatdan keyin almashtirib turishga qaror qilingan edi. Biroq Si o‘ziga voris tanlamadi va o‘zining uchinchi muddatga qayta saylanishini ta’minladi. 2027 yil kuzida partiyaning navbatdagi s’ezdi bo‘lib o‘tadi va unda Si to‘rtinchi muddatga qayta saylanishi kutilmoqda.

Kiritildi: 20:31 07.11.2026. O'qildi: 1273 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik