Bugun 25 aprel, 2024 yil, payshanba

КИР

Shifokor loqaydligi ona va tug‘ilajak bolaning nobud bo‘lishiga sabab bo‘ldi

Shifokor loqaydligi ona va tug‘ilajak bolaning nobud bo‘lishiga sabab bo‘ldi

Ayol ona bo‘lishdek shirin tashvish taraddudida edi. Hazorasp tumani tug‘ruqxonasida qariyb ikki hafta davolanib, nihoyat, sog‘lom farzandni dunyoga keltirishga bo‘lgan ishonchi yana ortdi.

Dildora Boltayeva (ism-fami­liya­lar o‘zgartirilgan) 2018 yil 7 dekabr kuni uyidagilariga qo‘ng‘iroq qilib, sog‘ligi ancha yaxshilangani, shu bois tug‘ruqxonadan chiqishga ruxsat berishganini aytadi.

Ammo bu quvonchli damlar uzoqqa cho‘­zilmadi. Kechagina uyga qaytishga ho­zirlik ko‘rayotgan Dildora erta tong­da turmush o‘rtog‘i E. Abdullayevga asabiy holatda sim qoqdi. Kechasi birdaniga ahvoli og‘irlashgani, navbatchi shifokorga xabar bergani, ammo undan hamon darak yo‘qligini aytib, tug‘ruqxonaga tezroq yetib kelishini so‘radi.

E. Abdullayev fursatni o‘tkazmay shifoxonaga yo‘l oldi. Ahvoli borgan sayin og‘irlashayotgan bemor ayol huzuriga bevosita shu binoda ishlayotgan shifokorning kelishi oson bo‘lmadi.

Keyinchalik sudda ko‘rsatma bergan tug‘ruqxona hamshirasi O. Saidova o‘sha kuni erta tongda bemor D. Bolta­e­­­va­ning ahvoli og‘irlashgani, unga zudlik bilan shoshilinch tibbiy yor­dam ko‘rsatish zarurati tug‘ilgani haqi­da nav­batchi shifokor Fazilat Odamovaga xabar berganini aytdi.

Navbatchi shifokor bemor yotgan xonaga oradan 4,5 soat o‘tgach, kirib kelgan. Bu vaqt ichida bo‘lajak onani shoshilinch ravishda tug‘ruqxonaning jonlantirish bo‘limiga olib o‘tishgan.

Sudda gumonlanuvchi sifatida so‘­roq qilingan shifokor F. Odamova sodir bo‘lgan voqeada mutlaqo beayb ekanligini ta’kidladi. Uning aytishicha, D. Boltayevaning sog‘­ligi hech kutilmaganda og‘irlashgani haqidagi xabarni navbatchi hamshira unga o‘sha kuni soat 6-00 chamasida yetkazgan. Shifokor esa, 2-3 daqiqadan so‘ng yetib borishini bildirgan.

Biroq F. Odamovaning aytishicha, shu orada tug‘ruqxona qabul bo‘limiga zudlik bilan yordam ko‘rsatilishi za­rur bo‘lgan boshqa bir ayolni ham olib kelishgani bois u shu tomonga yo‘l olgan. U yerdagi muolaja tadbiridan so‘ng, yana bir jarrohlik amaliyotiga unnagan.

Bu kabi shoshilinch tadbirlardan so‘ng F. Odamova soat 10.00 lar atrofida xizmat xonasiga qaytgan va fursatni o‘tkazmay madad kutayotgan bemorning xonasiga kirgan. Ammo ayolni allaqachon jonlantirish bo‘limiga olib ketishgani tufayli noiloj ortiga qaytgan.

Tug‘ruq oldidan yetarlicha kuch-quvvat to‘plash va shu asnoda sog‘lom farzandni dunyoga keltirish ilinjida ushbu maskanga kelgan Dildora Boltayeva va uning tug‘ilajak farzandi o‘zini shifokor ata­gan oq libosli kimsaning kasb-ko­riga nisbatan kechirilmas xiyonati sababli ona va uning tug‘ilajak farzandi ham bemavrid nobud bo‘l­di. To‘rt nafar farzandi yetim qoldi.

Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, navbatchi hamshira akusher-ginekolog F. Odamovaga o‘sha kuni soat 5.30 larda berilgan xabardan so‘ng oradan yarim soat chamasi vaqt o‘tgach, bemorning ahvoli daqiqa sayin og‘irlashayotganini ma’lum qilish va kelmagani sababini aniqlash uchun uning xonasiga ikki marta borgan. Bu yerda shifokorni yozuv bilan band hol­da ko‘rgan.

Hamshira 30 daqiqalardan so‘ng nav­batchi shifokorning huzuriga tag‘in uchinchi marta borgan. Ammo endi uni xizmat xonasida uchratmagan. Noiloj qolgan hamshira bu gal ham iziga qayt­gan.

Sudda F. Odamovaning hamkasbi, nav­batchi shifokor M. Yusupovaning ko‘rsatmasi ham tinglandi. "O‘sha ku­ni­ tong chog‘i chindan ham, izma-iz ikkita muhim jarrohlik amaliyotini o‘tkazdik, ammo bu ishlarni F. Odamovaning ishtirokisiz ham amalga oshirish imkoni bor edi", — dedi u. Tabiiyki, o‘sha kuni ro‘y bergan mudhish voqea ortidagi haqiqatni oydinlashtirishda bu ko‘rsatma muhim ahamiyat kasb etdi.

D. Boltayeva va tug‘ilishi kutilayotgan chaqaloqning fojiali qismatidan so‘ng o‘tkazilgan komissiya ekspertizasi ona qornida maqbul joylashgan "yo‘ldosh"ning barvaqt ko‘chishi bilan bog‘liq talay holatlar ularning o‘limiga sabab bo‘lganini ko‘rsatdi. Lekin ushbu tadbirda qatnashgan guvoh-mutaxassislar S. Begjigitov, S. Mat­yoqubova va K. Jumaniyozovning ko‘rsatmasiga qaraganda, fojia bemorning umumiy ahvoli navbatchi shi­­fokor tomonidan to‘g‘ri baholanmagani, zaruriy muolaja choralari o‘z vaqtida amalga oshirilmagani oqi­­­­batida ro‘y bergan.

Hazorasp tumanida sodir bo‘lgan ushbu fojia tergov organi tarafidan Jinoyat kodeksining ana shu qilmishni nazarda tutuvchi 116-moddasi 3-qismi bo‘yicha malakalandi.

Sud ushbu xulosani asosli, deb topdi va Jinoyat kodeksining bu qilmishni sodir etgan shaxsga nisbatan axloqan tuzalishi uchun yetarli bo‘lishi, tayinlanajak jazo yoki bosh­­qa huquqiy ta’sir choralari adolat va odillik me’yorlariga hamohang kelishini nazarda tutuvchi 7- va 8-moddalari, ushbu kodeksning shaxsga nisbatan har qanday holatda ham alohida hukm chiqarilishini taqozo etuvchi 54-moddasi hamda Jinoyat kodeksining muayyan huquqdan mahrum qi­lishga oid 45-moddasiga amal qildi.

F. Odamova jazoni ozodlikdan mahrum etilgan holda o‘tashdek an­cha­yin­ og‘ir qismatdan xoli qoldirildi. Endi u 1 yilgacha o‘z kasbida ishlay olmaydi va 3 yil mobaynida ozodlikni cheklash jazosini o‘taydi.

Murod Ro‘zimatov,
jinoyat ishlari bo‘yicha
Hazorasp tumani sudining sudyasi

Kiritildi: 16:25 25.07.2019. O'qildi: 2705 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!