Bugun 22 dekabr, 2024 yil, yakshanba

КИР

Shaxsning huquq va erkinlarini ishonchli himoya qilishdagi muhim qadam

Shaxsning huquq va erkinlarini ishonchli himoya qilishdagi muhim qadam

Mamlakatimizda shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, uning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish, sud ishlarini yuritishning barcha bosqichlarida taraflarning tortishuv tamoyili qo‘llanilishini yanada kengaytirish hamda ushbu sohada xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajribani joriy etishga qaratilgan bir qator qonun hujjatlari qabul qilindi.

Bundan tashqari, jinoyat prosessida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini ta’minlash bo‘yicha mexanizmlar to‘liq ishga solinmaganligidan, shuningdek, qonunchilikda jinoyat ishlarini tergov qilish bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vakolatlarini aniq belgilash bilan bog‘liq bo‘shliqlar mavjudligini ko‘rsatmoqda.

Jinoyat ishlarini tergov qilish faoliyatini xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olgan holda yaxshilash, qonun ustuvorligi va javobgarlikning muqarrarligi prinsiplarini ro‘yobga chiqarish, jinoyat-prosessual qonunchiligini yanada takomillashtirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil
10 avgustdagi “Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi.

Farmon bilan sud-tergov faoliyatini yanada takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari, shaxsning huquq va erkinliklariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash, prosessual harakatlarning sifatini oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi.

Shulardan tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov organlari xodimlari tomonidan e’tibor berilishi lozim bo‘lgan asosiy masalalar, tergovga qadar tekshiruv yoki tergovda ushlangan shaxsni va ozodlikdan mahrum qilish joylarida asosiy tartib-taomillar va sudlanganlik holati bilan bog‘liq asosiy qoidalar Farmonda quyidagicha o‘z ifodasini topdi.

Jumladan, mazkur Farmon bilan quyidagilar taqiqlanishi belgilandi, ya’ni tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov organlari xodimlari tomonidan shaxsni g‘ayriqonuniy harakatlar sodir etishga undash va bunday undash oqibatida sodir etilgan jinoyat uchun uni ayblash.

shaxsni jinoyat ishida gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi sifatida jalb qilish uchun asoslar mavjud bo‘lgan hollarda(ekspertiza yoki taftish o‘tkazish talab etiladigan hollar bundan mustasno), uni guvoh tariqasida so‘roq qilish, shuningdek, unga gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchining prosessual huquqlari tushuntirilguniga qadar undan biron-bir yozma yoki og‘zaki ko‘rsatuvlar olish;

ushlangan gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchining yaqin qarindoshlarini prosess ishtirokchisi sifatida jalb qilish uchun asoslar mavjud bo‘lmagan hollarda ularni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga chaqirish va so‘roq qilish;

surishtiruv va dastlabki tergov organlari xodimlari tomonidan mazmunan ko‘rib chiqish uchun sudga yuborilgan jinoyat ishi doirasida sudlanuvchi, jabrlanuvchi, guvoh, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar va boshqa sud prosessi ishtirokchilarini huquqni muhofaza qiluvchi organlarga chaqirish yoki so‘roq qilish.

Bundan tashqari, Farmon bilan tergovga qadar tekshiruv yoki tergovda ushlangan shaxsni va ozodlikdan mahrum qilish joylarida jazoni o‘tayotgan mahkumni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, shuningdek, vaqtincha saqlash va tergov hibsxonalarida saqlanayotgan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchini guvohlantirish ularning yoki advokatining iltimosnomasiga asosan 24 soat ichida vaqtincha saqlash va tergov hibsxonalari yoki jazoni ijro etish muassasalari tasarrufida bo‘lmagan tibbiy muassasalar xodimlari tomonidan amalga oshirilishi shart, bunda xarajatlar iltimosnoma kirituvchi taraf hisobidan qoplanishi belgilab qo‘yildi.

Og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganlik uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar yarashilganligi munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod etilmasligiga oid qoida voyaga yetmaganlar, birinchi va ikkinchi guruh nogironlari, ayollar, oltmish yoshdan oshgan erkaklar va ehtiyotsizlik orqasida jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan qo‘llanilmaydi.

Farmonga ko‘ra, voyaga yetmaganlar, birinchi va ikkinchi guruh nogironlari hamda pensiya yoshiga yetgan shaxslarga nisbatan uch yildan ortiq bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo nazarda tutilgan qasddan sodir etilgan jinoyatlarga doir, shuningdek, ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilib, buning uchun besh yildan ortiq bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlarga doir ishlar bo‘yicha qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining“Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni o‘z navbatida jinoyat ishlarini tergov qilish faoliyatini xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olgan holda yaxshilash, qonun ustuvorligi va javobgarlikning muqarrarligi prinsiplarini ro‘yobga chiqarish, jinoyat-prosessual qonunchiligini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.

 

         A.Xujanazarov,

TDYUU o‘qituvchisi

Kiritildi: 21:30 15.02.2021. O'qildi: 2126 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!