Bugun 29 aprel, 2024 yil, dushanba

КИР

Shavkat Mirziyoyev: Maqsadimiz – Yangi O‘zbekiston yoshlarini barkamol shaxslar sifatida voyaga yetkazish

Shavkat Mirziyoyev: Maqsadimiz – Yangi O‘zbekiston yoshlarini barkamol shaxslar sifatida voyaga yetkazish

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonga rasmiy tashrifi doirasida Mahtumquli nomidagi Turkmaniston davlat universitetiga tashrif buyurdi.

Yoshlar, san’at ustalari davlatimiz rahbarini tantanali kutib oldi.

Prezidentimizga ushbu universitetning Faxriy professori unvonini berish marosimi bo‘ldi. Universitet rektori Bayramgul Orazdurdiyeva va Turkmaniston Fanlar akademiyasi prezidenti Allaberdi Ashirov Shavkat Mirziyoyevga Faxriy professor libosi va tegishli unvon berilgani to‘g‘risidagi sertifikatni tantanali topshirdilar.

Uchrashuv ishtirokchilariga murojaatida mamlakatimiz yetakchisi ushbu unvon uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

O‘zbekiston Prezidenti ta’lim va tarbiya azal-azaldan davlatlar va xalqlar taraqqiyotini belgilab beruvchi, ularning qudratini yuksaltiruvchi kuch bo‘lib xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi.

- Har qanday jamiyatning kelajagi bugungi yosh avlod naqadar bilimli va har tomonlama barkamol bo‘lib voyaga yetishiga bevosita bog‘liq. Aynan shuning uchun O‘zbekistonda, Turkmanistonda bo‘lgani kabi, ta’lim-tarbiya tizimida tub islohotlar amalga oshirilmoqda.

Bizning maqsadimiz – Yangi O‘zbekiston yoshlarini dunyoqarashi keng, kreativ fikrlaydigan, Vatan taqdiri uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga tayyor barkamol shaxslar sifatida voyaga yetkazish, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida xalqaro siyosat masalalariga to‘xtalib, vujudga kelayotgan yangi xatar va tahdidlarga o‘z vaqtida javob qaytarish uchun mintaqa mamlakatlarining sa’y-harakatlarini birlashtirish zarurligini ko‘rsatib o‘tdi.

- Vaziyatdan chiqishning birma-bir yo‘li – har bir davlat, har bir xalqning manfaatlarini hisobga olish va hurmat qilishga asoslangan konstruktiv muloqot, - dedi Prezidentimiz.

O‘zbekiston Turkmaniston bilan xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan samarali hamkorlik qilayotgani, BMT va boshqa tashkilotlar doirasida bir-birini faol qo‘llab-quvvatlab kelayotgani ta’kidlandi.

So‘zining yakunida Shavkat Mirziyoyev Mahtumquli nomidagi Turkmaniston davlat universiteti yuqori malakali kadrlarni tayyorlashning shonli an’analarini davom ettirishi, uning bitiruvchilari esa Turkmanistonni yanada rivojlantirishdek olijanob maqsadga sharaf bilan xizmat qilishlariga ishonch bildirdi.

Turkmaniston davlat universiteti mamlakatning birinchi va eng yirik universiteti. U 1931 yilda ochilgan Ashxobod pedagogik instituti negizida tashkil etilgan.

O‘zbekiston Prezidenti universitet hayotiga oid ko‘rgazmani ham ko‘zdan kechirdi.

Bu yerda faoliyat yuritayotgan 12 ta – matematika, fizika, kimyo, biologiya, geografiya, tarix, turkman va xorijiy tillar, axborot texnologiyalari va huquqshunoslik fakultetlarida 7 mingdan ziyod talaba tahsil olmoqda.

Kiritildi: 20:07 21.10.2022. O'qildi: 1673 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!