Bugun 31 mart, 2025 yil, dushanba

КИР

Shavkat Mirziyoyev Kaya Kallas boshchiligidagi delegasiyani qabul qildi

Shavkat Mirziyoyev Kaya Kallas boshchiligidagi delegasiyani qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 mart kuni Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili, Yevropa komissiyasi vise-prezidenti Kaya Kallas boshchiligidagi delegasiyani qabul qildi. Amaliy hamkorlikni kengaytirish va bo‘lajak qo‘shma tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish masalalari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv avvalida oliy martabali mehmon davlatimiz rahbariga Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayenning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Joriy yil 3-4 aprel kunlari Samarqand shahrida "Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi" birinchi sammiti tadbirlarini o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bugun Ashxobod shahrida o‘tgan vazirlar darajasidagi ko‘p tomonlama uchrashuvning samarali yakunlari yuksak baholandi.

Savdo va logistika, shu jumladan Transkaspiy transport yo‘lagi salohiyatini ro‘yobga chiqarish, raqamlashtirish, "yashil" energetika, ekologiya, infratuzilmani modernizasiya qilish va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda ikki mintaqa o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni ilgari surish, tashabbus va loyihalarni amalga oshirishning samarali mexanizmlarini joriy qilish muhimligi qayd etildi.

O‘zbekistonning EI institutlari bilan munosabatlarini yanada chuqurlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi yangi bitimni qabul qilish hamda mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishi masalalari muhokama qilindi.

Xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Kiritildi: 20:37 27.03.2025. O'qildi: 1039 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!