Bugun 21 oktyabr, 2025 yil, seshanba

КИР

Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizasiyasi markazida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi

Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizasiyasi markazida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi

Markaz tarkibida 460 o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy konferensiyalar zali ham qurilgan bo‘lib, xalqaro miqyosdagi tadbirlar o‘tkazish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

20 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizasiyasi markaziga tashrif buyurib, bu yerda olib borilayotgan qurilish, jihozlash va ekspozisiya ishlarini ko‘zdan kechirdi.

Mazkur yirik madaniy-ma’rifiy loyiha davlat rahbarining 2017 yil 23 iyundagi qaroriga muvofiq boshlangan bo‘lib, 2018 yil Ramazon hayiti arafasida uning poydevoriga tamal toshi qo‘yilgan edi. Shu davr mobaynida markaz hududida keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.

Inshoot milliy me’morlik an’analari va zamonaviy uslub uyg‘unligida barpo etilgan. 65 metr balandlikdagi gumbaz va 34 metrli to‘rt peshtoqli fasad markazning salobatini yanada oshirib turadi. Binoning markaziy qismida joylashgan Qur’oni karim zalida musulmon dunyosining eng qadimiy noyob nusxalaridan biri — Usmon Mushafi namoyish etiladi. Shuningdek, Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davriga oid muqaddas kitoblar ham o‘rin olgan.

Davlat rahbarining tashabbusi bilan xorijda saqlanayotgan tarixiy qo‘lyozmalar, alohida qadriyatga ega manbalar va buyumlar O‘zbekistonga qaytarildi. Markaz tarkibida 460 o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy konferensiyalar zali ham qurilgan bo‘lib, xalqaro miqyosdagi tadbirlar o‘tkazish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

Markazda “Islomdan avvalgi sivilizasiyalar”, “Birinchi va Ikkinchi Renessans”, “O‘zbekiston XX asrda” hamda “Yangi O‘zbekiston – yangi Renessans” bo‘limlari tashkil etilgan. Bu ekspozisiyalarda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Bahouddin Naqshband kabi allomalar merosi keng yoritilgan. Shuningdek, Bibi Xonim, Nodirabegim, Uvaysiy va Anbar otin singari ma’naviyat homiylari faoliyatiga bag‘ishlangan maxsus bo‘limlar ham mavjud.

Prezident Shavkat Mirziyoyev markaz faoliyatini ilmiy-ma’rifiy jihatdan boyitish, tashrif buyuruvchilar uchun qiziqarli va tushunarli shaklda tashkil etish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, malakali gid va mutaxassislar tayyorlash, xorijiy ilmiy markazlar bilan hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Davlat rahbari markaz faoliyati orqali xalqimizning boy tarixiy, diniy va ma’naviy merosini jahon miqyosida keng targ‘ib etish muhimligini qayd etdi.

Kiritildi: 19:45 20.10.2025. O'qildi: 520 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!