O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vashington shahriga amaliy tashrifi doirasidagi ishbilarmonlik dasturi doirasida “General Motors International” kompaniyasining global ijrochi direktori Shilpan Aminni qabul qildi.
Ushbu korporasiya bilan uzoq muddatli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. “General Motors International” kompaniyasining mamlakatimiz avtomobil sanoatini rivojlantirish va diversifikasiya qilishdagi muhim o‘rni qayd etildi.
So‘nggi 5 yil ichida kompaniya tomonidan 1,6 million dona avtomobil ishlab chiqarildi, O‘zbekiston “Chevrolet” brendi uchun AQShdan keyingi ikkinchi yirik bozorga hamda Markaziy Osiyo va MDH bozorlarida sotuvlar bo‘yicha yetakchiga aylandi.
Ishlab chiqarish kooperasiyasini yanada rivojlantirish, mahsulotlar turini kengaytirish va mahalliylashtirishni chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Zamonaviy mashinasozlikda talab yuqori bo‘lgan yangi texnologiyalar va xomashyo resurslari sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.