🍃 Kuz — surunkali va mavsumiy kasalliklar avj oladigan davr. Ayniqsa, bu fasl gripp va o‘tkir respirator virusli infeksiyalarning tarqalishi uchun qulay palla hisoblanadi. Natijada ushbu xastaliklarga chalinish yilning boshqa davrlariga nisbatan biroz ortadi.
❓Xo‘sh, hozir mamlakatimizda O‘RVI bilan bog‘liq holat qanday? Mazkur kasalliklardan himoyalanish uchun qaysi tavsiyalarga amal qilish lozim?
📌 Shu kabi savollarga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Atabekov batafsil javob berdi.
💬 — Bugungi kunda yurtimizda O‘RVI bo‘yicha epidemik vaziyat muntazam nazorat qilib borilmoqda, — deydi mutaxassis. — O‘tkazilayotgan virusologik tadqiqotlar davomida O‘zbekistonda o‘tkir respirator infeksiyalar bilan kasallanish ko‘rsatkichlari epidemik bo‘sag‘adan 36,5 foizga pastligi kuzatilyapti.
❗️Bu esa mamlakatimizda mavsumiy respirator kasalliklar tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat barqarorligini anglatadi.
📎 Ta’kidlash lozimki, havo-tomchi yo‘li orqali yuqadigan o‘tkir respirator virusli infeksiyalar mavsumiy xarakterga ega bo‘lib, kuzda havo haroratining pasayishi O‘RVIning tarqalishi uchun qulay muhit hisoblanadi.
🏢 Qolaversa, bunday iqlim sharoitida xonadonlar va yopiq bino-inshootlarda havo almashinuvi kamayishi hisobiga atmosferada viruslar konsentrasiyasi oshadi.
🦠 Bilamizki, respirator xastaliklarni keltirib chiqaradigan viruslarning turlari juda ko‘p. Gripp, paragripp, renovirus, adenovirus, hatto, koronavirus infeksiyalari shular jumlasidan.
🤧 Ushbu turdagi kasalliklar bir necha klinik belgilar bilan namoyon bo‘ladi. Dastlab burun shilliq qavatida qichishish, keyinchalik hid bilish qobiliyati qisman pasayishi, aksirish, burun oqishi, tana haroratining ko‘tarilishi, bosh og‘rig‘i kuzatiladi.
😮💨 So‘ngra tomoqda achishish, qurish, og‘riq, ovoz bo‘g‘ilishi va quruq yo‘tal paydo bo‘lishi mumkin. Kasallikdan tuzalish bosqichida balg‘am ko‘chishi, xastalikning yumshashi, yo‘tal chog‘ida og‘riqlar pasayishi singari holatlar qayd etiladi.
🟢Bunday vaziyatda, eng avvalo, bemorlar jamoat joylariga chiqishdan, odamlar bilan muloqotdan imkon qadar o‘zlarini cheklashlari, ijtimoiy masofa saqlashlari lozim.
😷 Ayniqsa, virusga chalingan odamlar va ularni parvarishlayotgan shaxslar tibbiy niqobda bo‘lishlari tavsiya etiladi. Qolaversa, immunitet mustahkamligini ta’minlash uchun meva-sabzavotlar, turli ko‘katlar va qaynatmalar iste’mol qilishi, ko‘proq suyuqlik ichishi hamda mavsumga mos kiyinishi lozim.
💉 Unutmaslik kerakki, O‘RVI – virusli kasallik. Shu bois, uni antibiotik bilan davolash mumkin emas. Afsuski, ko‘p hollarda ushbu xastalikka chalingan bemorlar o‘zboshimchalik bilan turli dori-darmonlarni shifokor reseptisiz qabul qiladi. Bu esa nafaqat samara bermaydi, balki boshqa muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.
‼️Shunday ekan, O‘RVI belgilari kuzatilgan yurtdoshlarimiz faqat shifokor tavsiyasi asosida davo muolajalarini olishlari lozim.