Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif britaniyalik hamkasbi Kir Starmer bilan telefon orqali suhbatlashdi, suhbat davomida ular Eron va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi muloqotni muhokama qilishdi.
Bu haqda Pokiston Bosh vaziri o‘zining ijtimoiy tarmoq sahifasida yozdi.
"Men Kir Starmerga Pokistonning Eron va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasida sulhga erishish va muloqotni rivojlantirish bo‘yicha samimiy diplomatik sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik bildirdim", dedi u va dunyo yetakchilarining tinchlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shma bayonotini olqishlaganini qo‘shimcha qildi.
"Biz mintaqada barqaror tinchlik va barqarorlik uchun sharoit yaratish maqsadida sulhni saqlash muhimligi borasida kelishib oldik.
Shuningdek, biz o‘zaro manfaatli barcha sohalarda Pokiston-Britaniya munosabatlarini yanada mustahkamlash yo‘llarini muhokama qildik", deb xulosa qildi Shahboz Sharif.