Nepalda futbol sohasida jiddiy inqiroz yuzaga keldi va bu holat FIFA tomonidan sanksiyalar qo‘llanilishiga olib kelishi mumkin.
Mojaro Nepal futbol federasiyasi (ANFA) va Milliy sport kengashi (NSC) o‘rtasida kelib chiqqan. Bunga ANFA tashkilotining amaldagi vakolat muddati 18 iyunda tugashiga qaramay, 2026 yil 27 mart kuni rahbariyat uchun muddatidan oldin saylov o‘tkazish qarori sabab bo‘ldi.
Bunga javoban 25 mart kuni NSC federasiya rahbariyati faoliyatini uch oyga to‘xtatib qo‘ydi va tashkilotni milliy sport qonunchiligini buzishda aybladi.
Bu qaror FIFA va Osiyo futbol konfederasiyasi tomonidan keskin reaksiyaga sabab bo‘ldi. 5 aprel kuni ular yetti kun ichida sanksiyalarni bekor qilish talabi bilan ultimatum yo‘lladi. Aks holda, Nepal xalqaro miqyosda zudlik bilan diskvalifikasiya qilinishi mumkin.
Hozircha vaziyat hal etilmagan. Mamlakatda futbol deyarli to‘xtab qolgan: ichki musobaqalar to‘xtatilgan, o‘rtoqlik o‘yinlari bekor qilingan, milliy terma jamoalar esa xalqaro musobaqalarni o‘tkazib yuborish xavfi ostida qolmoqda.
FIFA va OFK davlat organlari harakatlarini futbol federasiyasi ishlariga aralashuv deb baholamoqda, bu esa xalqaro qoidalarga zid. Shu bilan birga, Nepal hukumati milliy qonunchilikka rioya qilinishi shartligini ta’kidlamoqda.
Agar tomonlar kelishuvga kelmasa, Nepal barcha xalqaro musobaqalardan chetlatilishi, moliyaviy yordamdan mahrum bo‘lishi va jahon futbolidan to‘liq izolyasiyaga tushib qolishi mumkin.
Inqiroz allaqachon futbolchilar va klublarga ta’sir qildi: musobaqalar to‘xtagan, sportchilar o‘yin amaliyoti va daromaddan mahrum bo‘lgan, mamlakatda futbol rivoji esa xavf ostida qolgan.