Bugun 25 fevral, 2026 yil, chorshanba

КИР

Serxio Aguero Abduqodir Husanovning «Siti»dagi o‘yinidan hayratda

Serxio Aguero Abduqodir Husanovning «Siti»dagi o‘yinidan hayratda

«Manchester Siti» afsonasi Serxio Aguero ingliz klubi Abduqodir Husanov timsolida himoyadagi muammolarning uzoq muddatli yechimini topganiga ishonchi komil.

«Shaharliklar»ning sobiq hujumchisi so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi allaqachon Xosep Gvardiola jamoasining muhim bo‘lagiga aylanib ulgurgan.

«Husanov bu yil juda yaxshi o‘yinlar o‘tkazdi. U normal adaptasiya jarayonidan o‘tdi va endi biz natijalarni ko‘ryapmiz. U kuchli, juda tezkor va yakkama-yakka kurashlarda g‘olib chiqadi. U bor-yo‘g‘i 22 yoshda, demak, «Siti» ixtiyorida uzoq yillar davomida xizmat qiladigan ajoyib himoyachi bor», — dedi Aguero «City Xtra»ga bergan intervyusida.

«Kelajak loyihasi»dan asosiy o‘yinchigacha

2025/26 yilgi mavsum ketma-ket jarohatlar tufayli «Manchester Siti» himoya chizig‘i uchun haqiqiy sinov bo‘ldi. Bunday vaziyatda, avvalroq kelajak uchun mo‘ljallab sotib olingan Husanov tez fursatda ishonchli variantga aylandi.

Hozirda o‘zbekistonlik futbolchi Manchesterda Mark Gexi kabi yangi o‘yinchilar bilan bir qatorda keng ko‘lamli rotasiyaning bir qismi hisoblanadi. Agueroning fikricha, bunday darajadagi klub uchun himoyachilar tanlovining kengligi — hayotiy zaruriyatdir.

«Barcha turnirlarda doim g‘oliblikka da’vogarlik qiladigan «Siti» kabi jamoada turli pozisiyalar uchun variantlar bo‘lishi yaxshi. Bir vaqtning o‘zida bir nechta himoyachilarning jarohat olishi bunday zaxiraga ega bo‘lish qanchalik muhimligini ko‘rsatmoqda», — deya xulosa qildi argentinalik forvard.

Husanovning faoliyati

Abduqodir Husanov 2025 yilning yanvar oyida «Lans» klubidan 40 million yevro evaziga «Manchester Siti»ga o‘tgan edi. Joriy mavsumda u barcha turnirlarda 23 ta o‘yinda maydonga tushdi.

Husanov O‘zbekiston milliy terma jamoasida 2023 yilning iyun oyida debyut qilgan. Joriy yilda O‘zbekiston o‘z tarixida ilk bor Jahon chempionatida ishtirok etadi.

Kiritildi: Bugun 17:45. O'qildi: 390 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!