Mavlono Muhammad Shamshod Nadaviy hazratlari aytadilar:
“Musulmonlarning bir guruhi sepni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sunnatlari ekanligini isbotlashga behuda urunib: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam suyukli qizlari Fotima roziyallohu anhoga sep bergan edilar”, deganlar”.
Lekin haqiqat shuki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Hazrati Ali roziyallohu anhuni qaramoqlariga olgan edilar va Hazrati Ali roziyallohu anhuda oila qurishga xech narsalari yo‘q edi. Hijratning ikkinchi yilida Fotima roziyallohu anhoga nikohlanganlarida, bir ansoriy sahoba bir uyni bo‘shatib u kishiga topshirgan edi.
لما قدم رسول الله صلي الله عليه وسلم المدينة نزل علي أبي أيوب سنة أو نحوها، فلما تزوج على فاطمة قال لعلى: اطلب منزلا.....
“Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Madinaga kelganlarida, Abu Ayyubning uyida bir yil yoki shunga yaqin turdilar. Ali Fotimaga uylanganlarida, Aliga qarata: "Turar joy toping", dedilar....”
(At-Tabaqotul-Kubro libni-Sa’d. 7-jild, 22-bet)
O‘sha uyda xech narsa yo‘q edi. Uni obod qilishlik uchun qaramoqlariga olganliklari jihatidan Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bir necha zaruriy jihozlarni tashkillashtirib bergan edilar va u ham Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning o‘z taraflaridan bo‘lmagan edi. Balki, Hazrati Ali roziyallohu anhu sovutlarini 480 dirhamga sotib, nikohdan oldin ado qilgan Fotima roziyallohu anhoning mahrlaridan bo‘lgan edi.
(Majma’uz-zavoid va manba’ul-favoid. 5-jild, 205-bet)
Xullas, uch qizlari Zaynab, Ruqayya va Ummu Kulsum roziyallohu anhunnaga Rasululloh sollallohu alayhi va sallam taraflaridan sep berilgani sobit emasdir. Xuddi shunday, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam to‘ylar bobida sepni zikr qilmaganlar. Sahobai kiromlar roziyallohu anhum siyratlari va holatlarida ham sep olganliklari va berganliklari sobit emas. Balki, Qur’oni Karim, Hadisi Sharifda, avvalgi fuqaholar va to‘rt imomning kitoblarida ham sep sobit emas. Shunga qaramasdan sep Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sunnatlarimi?..
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Fotima roziyallohu anhoning to‘y paytlarida zaruriy jihozlarini tashkil qilishga buyurganliklari, mahrga berilgan puldan qilingan edi. Shuning uchun hozirgi davrda odat bo‘lgan sepning joiz bo‘lishiga uni dalil qilishlik jaholat, ilmsizlik, nafsoniy xohishlarga ergashishlik va Allohning hadlariga xiloflikdir. Bundan saqlanishlik lozimdir.
“Jahiiz ek naasuur – Sep bir bedavo dard” kitobidan, 38-52-betlar
Abdulqayyum Komil tarjimasi