O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya vazirligi va uning huzuridagi Davlat ekologik ekspertiza markazi, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari uchun Ozarbayjonga press-tur tashkil etildi. Press-tur davomida jurnalistlar “Sea Breeze” kompaniyasining Boku shahridagi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar va uning xalqaro ekologik standartlarga qay darajada mos kelishi o‘rganildi.
“Men "Sea Breeze" ning Ozarbayjon, O‘zbekiston, Chernogoriya yoki Qozog‘iston kabi ko‘plab davlatlarda eng yaxshi ekologik loyiha bo‘lishini istayman. Shuning uchun loyihani toza plyajlar, bog‘lar, bulvarlar, sifatli infratuzilma va kommunikasiyasiz tasavvur qila olmayman. Men qurilayotgan har bir narsa nafaqat chiroyli, balki barqaror va mintaqaga foyda keltiradigan bo‘lishi kerak”, — dedi "Sea Breeze" asoschisi Emin Agalarov.
Ma’lumot uchun, Ozarbayjonda "Sea Breeze" har bir qurilish bosqichida ekologik ekspertizadan o‘tadi. Suv va tuproq muntazam tahlil qilinadi, barcha muhandislik tizimlari nazorat ostida. 2024 yilda kurort markazlashtirilgan kanalizasiya tizimiga ulandi va faqat "Sea Breeze" emas, balki 50 km sohil hududi va uning atrofidagi tumanlarni ham qamrab oldi. Ilgarigi paytlarda bu hududda yuzdan ortiq mahalliy tozalash inshootlaridan foydalanilgan. Hozirda ichimlik suvi markazlashgan manbalardan olinadi, chiqindi suyuqliklar esa zamonaviy kollektorlar orqali yo‘naltiriladi — bu esa dengizni ifloslanishdan muhofaza qilmoqda.
Loyihaning asosiy xususiyatlaridan biri — qurilish chizig‘ining qirg‘oqdan 400–500 metr uzoqlikda joylashgani bo‘lib, bu jamoatchilik uchun keng sohil hududini saqlab qolish imkonini beradi. Ruxsat etilgan 50 metrlik minimal masofaning o‘rniga bog‘lar, sayr yo‘laklari, restoranlar va hamma uchun erkin kirish mumkin bo‘lgan sohil hududlari yaratilgan. Ayni shu yondashuv Chorvoqda ham tatbiq etilishi ko‘zda tutilmoqda.
Emin Agalarov Chorvoqda barcha sohil hududlaridan oqova sularni yig‘ib, tozalovchi yagona halqa kollektori qurishni taklif qildi. Bu nafaqat kurort uchun qulaylik yaratadi, balki butun hududning holatini yaxshilashga xizmat qiladi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov ekologik barqarorlik tamoyillari asosida qurilayotgan loyihalarga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
“O‘zbekistonda turizm biznesini rivojlantirishga qiziqqan hamkorlarning ekologik yondashuvlarga ("Green Based Solutions") sodiqligi biz uchun muhim. Ekologik standartlarga muvofiq ravishda kompleks amalga oshiriladigan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz. "Sea Breeze" loyihasi tashabbuskori loyihaning barcha bosqichida xalqaro va mahalliy mutaxassislar tavsiyalariga amal qilishga tayyor ekanligini tasdiqladi. Loyihada suv resurslarini muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratilish, xavf-xatarlar va ularning oldini olish strategiyasini baholovchi malakador ekspert xulosasini olish katta ahamiyatga ega”, — dedi vazir.
Press-tur davomida "Sea Breeze" loyihasi doirasida mustaqil ekspertlar ishtirokida xalqaro ekologik kengash tashkil etilishi rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi. Kengash jamoatchilik fikri, bahosi va hudud monitoringi bilan shug‘ullanadi. Ekologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, “EkoSfera” ijtimoiy-ekologik markazi rahbari va Ozarbayjon “Yashil tarmog‘i” asoschisi Firo‘za Sultonzoda xorijlik mutaxassislar baholash va monitoringda ishtirok etishini, bu esa har bir bosqichda shaffoflik va javobgarlikni ta’minlashini aytdi.
“Loyiha barcha ekologik me’yorlarga mos tarzda amalga oshirilsa, Markaziy Osiyoda “yashil” turizm va barqaror rivojlanish uchun namunaviy model bo‘lishi mumkin. Natijada ish o‘rinlari yaratiladi, infratuzilmaga sarmoya kiritiladi va Chorvoqni asrash zarurligiga e’tibor qaratiladi”, — dedi u.
Loyihaga ko‘ra, Chorvoq hududida barqaror zonalashtirish modeli amalga oshiriladi — yashil muvozanatni saqlash va tiklash, daraxtlarni ro‘yxatga olish, ko‘chirish va ekish, yangi yashil koridorlar yaratish rejalashtirilgan. Ekologik sertifikatga ega qurilish materiallari va hudud landshafti hamda iqlimiga mos energiya tejovchi texnologiyalar qo‘llaniladi. Ochiq jamoat maydonlari, ekologik yo‘nalishlar, bulvarlar va sohilbo‘yi maskanlari yaratiladi.