Rossiya prezidenti Vladimir Putin, shuningdek, Xitoy va Shimoliy Koreya yetakchilari Si Szinpin va Kim Chen In hech qachon AQShga qarshi “fitna” qilishni o‘ylamagan. Bu haqda Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov Oq uy rahbari Donald Trampning ayblovlariga izoh berar ekan, ma’lum qildi.
“Men aymoqchimanki, hech kim hech qanday fitna tuzmagan, hech kim hech narsa to‘qimagan, hech qanday fitna ham yo‘q. Qolaversa, bu hech kimning xayoliga ham kelmagan, bu uch rahbarning birortasi ham”, — dedi Ushakov.
Ushakovga ko‘ra, AQShning o‘zi va shaxsan prezident Tramp bugungi xalqaro vaziyatda qanday o‘rin tutganini barcha yaxshi anglaydi.
Avvalroq Donald Tramp Xitoy, Rossiya va Shimoliy Koreya yetakchilarini Vashingtonga qarshi fitna uyushtirishda ayblagan edi. Uning bayonoti Pekinda Ikkinchi jahon urushi tugaganining 80 yilligiga bag‘ishlangan yirik harbiy parad paytida yangradi.
Tramp ijtimoiy tarmoq orqali chiqishida Si Szinpindan AQShning Xitoy erkinligi uchun qilgan “katta qo‘llab-quvvatlashi va qurbonlarini” yodga olishini so‘radi. U ko‘plab amerikaliklar Xitoy g‘alabasi uchun jon fido qilganini ta’kidlab, ularning jasorati va fidoyiligi munosib hurmatga sazovor bo‘lishiga umid bildirdi.
“Prezident Si va Xitoyning buyuk xalqi ajoyib va unutilmas bayram o‘tkazmoqda. AQShga qarshi fitna uyushtirar ekansiz, iltimos, (Rossiya prezidenti) Vladimir Putin va (Shimoliy Koreya yetakchisi) Kim Chen Inga eng yaxshi tilaklarimni yetkazing”, — dedi Tramp.
Pekindagi harbiy parad so‘nggi yillardagi eng yirik parad bo‘lib, unda Xitoy dronlar, kiber va elektron urush hamda giperovozli qurollar sohasidagi so‘nggi ishlanmalarini namoyish etdi.
Tantanalarda Rossiya, Eron, Pokiston, Mog‘ulston, Shimoliy Koreya, Myanma, Slovakiya, Serbiya, O‘zbekiston va Belarus kabi bir qator davlatlar rahbarlari ham ishtirok etdi.