Saudiya Arabistoni va Yamandagi husiylar o‘rtasidagi keskinlik kuchayib borayotgan bir paytda, mamlakat bosh muftiysi Shayx Solih bin Favzon al-Favzon chegara hududlarida xizmat qilayotgan harbiylarga maxsus murojaat bilan chiqdi. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, u askarlarni mamlakat hududini himoya qilish uchun barcha ehtimoliy ssenariylarga tayyor turishga chaqirgan.
Murojaatda Saudiya hududiy yaxlitligini himoya qilish harbiylarning asosiy vazifalaridan biri ekani ta’kidlangan. Bosh muftiy o‘z bayonotida Qur’on oyatlari va islomiy manbalarga tayanib, frontdagi harbiylar qo‘mondonlarning buyruqlariga rioya qilishi va vazifalarni aniq bajarishi lozimligini bildirgan.
Bu bayonot so‘nggi haftalarda husiylarning Saudiya Arabistoniga raketa va dronlar orqali hujumlari kuchaygan, Ar-Riyod esa Yamandagi nishonlarga zarbalar bilan javob qaytarayotgan sharoitda yangradi. Reuters xabarlariga ko‘ra, 25 sentyabr kuni ham Saudiya tomoni husiylar uchirgan bir nechta ballistik raketalar ushlab qolinganini ma’lum qilgan.
Shayx Solih al-Favzon, shuningdek, Yamanda Saudiya qo‘llab-quvvatlaydigan xalqaro tan olingan hukumat nazoratini tiklash zarurligini ta’kidlagan va husiylarga qarshi kurashni davom ettirishga chaqirgan.
Mintaqadagi vaziyat keskinlashishi kengroq harbiy operasiya ehtimoli haqidagi muhokamalarni ham kuchaytirdi. Ayni paytda Saudiya Arabistoni, Turkiya va Pokiston harbiy rahbarlari qo‘shma mudofaa kelishuvi doirasida vaziyatni muhokama qilish uchun uchrashuv o‘tkazishga tayyorlanmoqda.