Saudiya Arabistoni Mudofaa vazirligi Shahzoda Sulton aviabazasiga zarba berilgani haqida tarqalgan xabarlarni inkor qildi. 8 iyun kuni ertalab baza joylashgan Al-Xarj hududida ogohlantiruvchi sirenalar yangragani haqida xabarlar tarqalgan edi. Ushbu aviabazada AQSh harbiy kuchlari ham faoliyat yuritadi.
Saudiya Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, sirenalar Yamandan uchirilgan ballistik raketa sababli ehtiyot chorasi sifatida ishga tushirilgan. Vazirlikning ijtimoiy tarmoqlardagi bayonotida aytilishicha, raketa Saudiya Arabistoni chegarasi yaqinida radarlardan yo‘qolgan.
Yaqin Sharqdagi vaziyat 7 iyun kuni yana keskinlashdi. Isroil armiyasi Livandagi Hizbulloh harakati hujumlariga javob tariqasida Bayrutdagi nishonlarga zarba berdi. Bundan so‘ng Eronning Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Isroil hududiga raketa hujumlari uyushtirdi.
Oradan bir kun o‘tib, Eron Qurolli kuchlarining Hazrati Xotam al-Anbiyo markaziy qo‘mondonligi Isroilga qarshi olib borilgan operasiyalar yakunlanganini ma’lum qildi.
Rasmiy bayonotlarga ko‘ra, Shahzoda Sulton aviabazasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarba berilgani haqidagi ma’lumotlar tasdiqlanmagan.