2024 yilda sanoatning YAIMdagi ulushi 25 foizga yetdi. Ta’kidlash kerakki, sanoatning iqtisodiyotdagi ulushi so‘nggi yillarda yuqori o‘sish tendensiyasini namoyon qilmoqda. Xususan, sanoatning YAIMdagi ulushi 2023 yilga nisbatan 1,2 foiz bandga, 2017 yilga nisbatan 6,7 foiz bandga, 2010 yilga nisbatan esa 9,1 foiz bandga oshgan.
Lekin sanoatning bandlikdagi ulushining qisqarishi kuzatilmoqda. 2024 yilda sanoatda jami bandlarning 12,1 foizi faoliyat yuritgan. Bu sohada faoliyat yuritayotganlar ulushi 2023 yilga nisbatan 1 foiz bandga, 2017 yilga nisbatan 1,4 foiz bandga, 2010 yilga nisbatan esa 1,7 foiz bandga pasaygan. Shuningdek, sanoatda bandlar sonining nominal ko‘rsatkichda ham qisqarishi kuzatilmoqda. 2024 yilda sanoatda 1,7 mln kishi faoliyat yuritgan bo‘lib, bandlar soni 2023 yilga nisbatan 106 mingga kamaygan.
Sanoatning iqtisodiyotdagi qo‘shilgan qiymati sezilarli o‘sayotgan bo‘lishiga qaramasdan unda band aholining nisbiy (va nominal) qisqarishi, sohada samaradorlikning yuqori o‘sishi yoki o‘sish nisbatan kapital-intensiv yo‘nalishda yuz berayotganligi bilan izohlanishi mumkin (yoki ikki omilning aralashmasi ta’sirida).
Davlat ulushining yuqoriligi (og‘ir sanoat, qazib olish) va sanoatda raqobatdoshlikning pastligi samaradorlik omili ishchi o‘rinlarining qisqarishida dominantlik qilayotganligini shubha ostiga oladi. Ya’ni yuqoridagi tendensiya mamlakatimiz konteksida asosan o‘sishning kapital-intensiv yo‘nalishda yuz berayotganligi bilan izohlanadi.
Kapital-intensiv sohalar yuqori qiymat yaratishiga qaramasdan ko‘p ishchi o‘rinlari yaratmaydi. Mamlakatimizda esa mehnat resurslari faol o‘smoqda. Ya’ni bizda ko‘proq ishchi o‘rinlari yaratuvchi o‘sishning kuzatilishi maqsadga muvofiqroq edi. Boshqacha aytganda, iqtisodiyotimiz Kapital-intensiv tarmoqlarga erta o‘tishni boshdan kechirmoqda.
Bu esa hozirgi sharoitda ishsizlikning o‘sishi (hozircha bizda muammo emas) yoki iqtisodiy nofaol aholi ulushining o‘sishiga olib keladi. Masalan, iqtisodiy nofaol aholining ulushi 2023 yilga nisbatan 1 foiz bandga, 2017 yilga nisbatan esa 1,7 foiz bandga oshgan .
Umuman olganda, oldin ham yozganimdek, iqtisodiyotimiz ko‘proq ishchi o‘rinlari yaratishi kerak. O‘sish esa ayni shu yo‘nalishda yuz berishi maqsadga muvofiq edi. Hozircha, xizmatlardagi yuqori o‘sish ishchi o‘rinlari soni ortishiga katta hissa qo‘shmoqda. Agar xizmatlarda o‘sish sekinlashsa, iqtisodiyotimizda ishchi o‘rinlari yaratish masalasi katta muammoga aylanadi.
Bunday sharoitda, sanoatda nisbatan ishchi o‘rinlari ko‘p talab qiluvchi yo‘nalishlarda ham o‘sishni tezlashtirishga e’tibor qaratish mehnat resurslari faol o‘sayotgan mehnat bozorida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan bosimlarni kamayishiga xizmat qilar edi.