Bugun 19 iyun, 2025 yil, payshanba

КИР

Samarqanddagi “sammitlar sammiti” — “Yangi O‘zbekiston”ning xalqaro maydondagi yorqin yutug‘idir

A A A
Samarqanddagi “sammitlar sammiti” — “Yangi O‘zbekiston”ning xalqaro maydondagi yorqin yutug‘idir

Bir yil muqaddam, 2021 yil 17 sentyabr kuni Dushanbeda bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida mazkur uyushmada 2021-2022 yillarda raislik qilish navbati O‘zbekistonga o‘tdi. Bu davr xalqaro munosabatlarda misli ko‘rilmagan ziddiyatlar, beboshdoqlik va keskin o‘zgarishlar to‘lqiniga to‘g‘ri keldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 12 sentyabr kuni chop etilgan “Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: o‘zaro bog‘liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” sarlavhali maqolasida ham qayd etilganidek, “O‘zbekistonning SHHTga raisligi dunyo miqyosida shiddatli jarayonlar kechayotgan o‘ziga xos tarixiy evrilish pallasiga to‘g‘ri keldi – bir tarixiy davr nihoyasiga yetmoqda hamda bashorat qilish mushkul bo‘lgan yangi bir davr boshlanmoqda”.

Shu munosabat bilan davlatimiz SHHTda raislik doirasida misli ko‘rilmagan siyosiy, diplomatik, tashkiliy va texnik jihatdan murakkab vaziyatlarga duch kelishi aniq edi. Ammo, O‘zbekistonning SHHTdagi raisligi boshlangan kundan beri oradan bir yil o‘tib, bugun raislik natijalarini sarhisob qilar ekanmiz, mamlakatimiz nafaqat o‘z oldida turgan barcha vazifalarni muvaffaqiyat bilan bajarib, xalqaro hamjamiyat qarshisida yorug‘ yuz bilan turganini, balki mazkur yirik tashkilotning bugungi taraqqiyoti va istiqboli uchun katta hissa qo‘shganiga guvoh bo‘lishimiz, bundan haqli ravishda g‘ururlanishimiz mumkin.

Zero pandemiyaning salbiy oqibatlari va jahon iqtisodiyotidagi beqarorlik davom etayotgan bir sharoitda rasmiy Toshkent SHHT shafeligida 80 dan ziyod tadbirni samarali o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldi. Bu mintaqaviy tashkilotlar faoliyatida juda kam uchraydigan o‘ta intensiv faoliyat ko‘rsatkichidir. SHHT doirasida raislik qilgan boshqa hech bir davlat bu qadar ko‘p tadbir o‘tkazishga muvaffaq bo‘lmagan.

SHHTga a’zo davlatlar delegasiyalari ishtirokida turli darajadagi va O‘zbekistonning har xil shaharlarida ko‘p tomonlama uchrashuvlar diplomatik, iqtisodiy, axborot sohalaridan tortib, san’at va madaniy-gumanitar aloqalargacha bo‘lgan hayotning ko‘plab sohalarida tashkil etildi. Ular turli formatlarda, jumladan virtual va yuzma-yuz uchrashuvlar, shuningdek, muzokaralarning har ikkala turini o‘zini mujassam etgan “gibrid rejim”larda bo‘lib o‘tgan. Shu maqsadda ushbu 80 ta tadbirning har birining kun tartibi, dasturi, ishtirokchilari ro‘yxati va yakuniy hujjatlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha katta hajmdagi ishlar amalga oshirildi.

SHHT doirasida tadbirlarini tashkil etishda O‘zbekiston tomonidan yangi yondashuv va formatlar joriy qilindi. Ular nafaqat Toshkentda, balki mamlakatimizning turli hududlarida ham o‘tkazildi, bu esa Shanxay hamkorlik tashkilotiga aloqador davlatlarning mamlakatimiz viloyatlari salohiyati bilan yaqindan tanishish imkonini berdi. Shu tariqa, Nukus, Buxoro va Farg‘onada SHHT Milliy koordinatorlari kengashining yig‘ilishlari tashkil etildi. Xivada transport vazirlari yig‘ilishi (2022 yil 12 may), Buxoroda kambag‘allik konferensiyasi (2022 yil 26–27 may) bo‘lib o‘tdi. Joriy yilning avgust oyida Samarqand shahrida bir qator tadbirlar o‘tkazildi.

O‘zbekiston tomonidan o‘tkazilayotgan ko‘plab uchrashuv va muzokaralar nafaqat SHHT doirasida allaqachon yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik yo‘nalishlarini, balki uning faoliyati doirasida yangi talab qilinadigan yo‘nalishlarni ham qamrab oldi. Xususan, O‘zbekiston rahbarining SHHT kun tartibini istiqbolli va dolzarb masalalar bo‘yicha o‘zaro hamkorlik orqali kengaytirishga qaratilgan qator takliflari amalga oshirildi: tashkilot doirasida birinchi marta raisligida O‘zbekistonda axborot-kommunikasiya texnologiyalari, shuningdek, qambag‘allikni qisqartirish masalalariga bag‘ishlangan vazirlik darajasidagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, O‘zbekiston tashabbusi bilan SHHT doirasido‘a Xalq diplomatiyasi forumi (11-12 may), SHHT Turizm forumi (20 may), SHHT an’anaviy tibbiyot forumi (7 iyun), SHHT Yosh iste’dodlar o‘rtasida start-ap loyihalar tanlovi kabi tadbirlar o‘tkazildi.

O‘zbekistonning SHHTdagi raisligi davrida marafon kabi davom etgan tinimsiz diplomatik faoliyat misli ko‘rilmagan natijani ta’minladi: bir yil ichida ushbu tashkilot doirasida 37 ta xalqaro hujjatning kelishish jarayoni boshlanib, muvofiqlashtirildi va Samarqandagi sammit arafasida muvaffaqiyatli yakuniga yetkazildi. Bu ham ushbu tashkilot tarixidagi o‘ziga xos ko‘rsatkichdir. Qolaversa, ushbu hujjatlarning 30 tasi O‘zbekiston tashabbusi bilan, aksariyat hollarda shaxsan Prezident Shavkat Mirziyoyev taklifi bilan ishlab chiqilgan bo‘lib, ular strategik muhim va amaliy xarakterga ega. Bu hujjatlar SHHTda o‘zaro hamkorlik sohalarini mazmunan va institusional jihatdan kengaytirishga qaratilgan.

O‘zbekistonning SHHTdagi rasiligining eng kulminasion nuqtasi 15-16 sentyabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tadigan sammit bo‘ladi. Qayd etish joizki, bu uchrashuv O‘zbekiston va SHHT tarixida misli ko‘rilmagan darajadagi katta xalqaro siyosiy-diplomatik tadbir bo‘ladi. Aytish mumkinki, u oddiy SHHT sammitlaridan farqli o‘laroq, “SHHT+” formatida o‘tkaziladi.

Tadbirda tashkilotga a’zo davlatlar – O‘zbekiston, Xitoy, Rossiya, Hindiston, Pokiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, shuningdek, kuzatuvchi davlatlar, Eron, Mo‘g‘uliston va qator boshqa hamkor davlatlar – Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Turkiya va Turkmaniston rahbarlari qatnashadi. Shuningdek, sammit doirasida Saudiya Arabistoni Podshohligi, Qatar, Misrning yuqori martabali vakillari hamda BMT, MDH va 10 ga yaqin boshqa xalqaro tashkilotlar rahbarlari ham Samarkandga tashrif byurishaji. SHHT tarixida hech qachon bunday “katta sammit” bo‘lmagan. Mazkur tadbirning ko‘lami va formati shu qadar kengki, uni “sammitlar sammit”deb atasak hech ham mubolg‘a bo‘lmaydi, zero uning doirasida asosiy voqea – SHHTga a’zo davlatlar rahbarlarining uchrashuvidan tashqari, boshqa ko‘plab ikki tomonlama, uch tomonlama sammitlar ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning mualliflik maqolasida ta’kidlanganidek, “SHHTning Samarqand sammiti umumiy xavfsizlik va taraqqiyot yo‘lidagi o‘zaro hurmat, ishonch, konstruktiv hamkorlik prinsiplariga asoslangan yangi, inklyuziv muloqotni yo‘lga qo‘yish borasida o‘ziga xos namuna bo‘la oladi. Tarixan shakllangan tushunchaga ko‘ra, Samarqanddan turib qaralganda, dunyo tarqoq emas, balki yaxlit va bo‘linmas bo‘lib ko‘rinadi. “Samarqand ruhi” degan noyob fenomenning mazmuni ham asli shunda mujassam bo‘lib, u xalqaro hamkorlikning, jumladan, SHHT doirasidagi sheriklikning prinsipial jihatdan yangi formatini shakllantirish borasida mustahkam poydevor bo‘lishi mumkin”.

Nigora Yigitaliyeva,
Siyosiy fanlar nomzodi (PhD)

Kiritildi: 16:07 12.09.2022. O'qildi: 2960 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!