Kecha “Silk Road Samarkand” xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” majmuasida uzunligi 4,5 metr, balandligi 2 metr bo‘lgan qozonda 7 tonnalik osh tayyorlandi.
Tadbir davomida festivalning ilk kunida mahalliy oshpazlar ishtirokida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tanlov natijasiga ko‘ra, 1-o‘rinni Toshkent shahri oshpazlari egallagan bo‘lsa, keyingi o‘rinlar Buxoro va Xorazm viloyatlari oshpazlariga nasib etdi.
zarnews.uz‘ning xabar berishicha, oshni tayyorlash uchun 1700 kilogramm guruch, 1900 kilogramm sariq sabzi, 480 kilogramm qizil sabzi, 830 kilogramm qo‘y go‘shti, 830 kilogramm mol go‘shti, 130 kilogramm dumba, 350 litr o‘simlik yog‘i, 200 kilogramm piyoz, 100 kilogramm no‘xat, 170 kilogramm mayiz, 5 kilogramm zira, 3 kilogramm murch, 17 kilogramm qoraqand, 50 kilogramm tuz, 450 litr suv va talabga binoan zig‘ir yog‘i ishlatilgan.
Osh tayyorlanishida bosh-qosh bo‘lgan samarqandlik mashhur oshpaz Abdumannon Nusratovning ta’kidlashicha, 7 tonnalik osh 50 nafar o‘zbekistonlik, 5 nafar xorijlik oshpazlar tomonidan 5 soatda pishirilib, 10 nafar oshpaz 2,5 soatda suzgan. Oshni pishirishda 35 nafar samarqandlik oshpaz ishtirok etgan.
Tayyorlangan osh mehmonlar bilan bir qatorda saxovat va muruvvat uylari, tuman, shaharlardagi kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, tibbiyot muassasalari, manzilli koloniyalar va obodonlashtirish bo‘limlariga tarqatildi.