2023 yil 14-15 avgust kunlari Samarqand shahri, Rudakiy ko‘chasida joylashgan fast-fud taomlarini tayyorlash va sotish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan “Bir zumda” nomli savdo shoxobchasida tayyorlangan “Hot-dog”dan 49 nafar fuqaro zaharlanib “ovqat toksikoinfeksiyasi” tashxisi bilan viloyat yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasiga yotqizilgan. Sanepidqo‘mita Axborot xizmati bu haqda rasmiy bayonot berdi.
Joriy yilning 21 avgust holatiga ko‘ra, shifoxonada davolanishda bo‘lgan bemorlarning barchasiga amalga oshirilgan tibbiy muolajalardan so‘ng ahvoli yaxshilanganligi sababli uylariga javob berilgan.
O‘rganish jarayonida “Hot-dog” tayyorlashda ishlatilgan sabzi salatini Samarqand tuman, “Bog‘i tillo” mahallasida yashovchi fuqaro M.S. tomonidan uy sharoitida tayyorlanganligi aniqlangan. Sabzi salatini tayyorlashda ishtirok etgan xonadon a’zolari M.S. va A.U.dan ish anjomlaridan tayyor sabzi salati va ichimlik suvidan namunalar olinib, Sanepidqo‘mitaning Samarqand shahar bo‘limi laboratoriyalariga yuborilgan.
Shuningdek, “Bir zumda” nomli savdo shoxobchasida vakolatli organ bilan kelishilgan tartibda 2023 yil 18 avgust kuni tekshirish o‘tkazildi. Tekshirish davomida savdo shoxobchasida texnologik ehtiyojlar uchun ishlatilayotgan ish anjomlari markirovkalanmaganligi, idish yuvish xonasi sanitariya qoida va me’yorlarga zid ravishda tashkil etilganligi hamda savdo shoxobchasida xavfsizligi kafolatlanmagan uy sharoitida tayyorlangan salatlarni ishlatilishiga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.
Bu esa “Umumiy ovqatlanish korxonalariga qo‘yiladigan gigiyenik talablar to‘g‘risida”gi 0027-22-sonli SanQvaMni hamda “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi qonunning 24-moddasi, “Oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonunni 14-moddasi talablari buzilganligini ko‘rsatadi.
Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan “Bir zumda” nomli savdo shoxobchasining ish faoliyati 18 avgustdan vaqtincha to‘xtatilgan va korxona rahbari A.A.ga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.