Kengash a’zolari, viloyatdagi boshqarma va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etgan yig‘ilishda viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi hamda uning tasarrufidagi tashkilotlarda korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ishlar va bu boradagi qonunchilik ijrosini o‘rganish yakunlari tahlil etildi.
Qayd etilishicha, 2026 yil yakuniga qadar mamlakatda, shu jumladan, Samarqand viloyatida kambag‘allikni ikki barobarga kamaytirish rejalashtirilib, yangi ish o‘rinlari yaratish va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish borasida faol siyosat olib borilmoqda. Tegishli dasturlar doirasida bandlik organlari va hokim yordamchilari tavsiyasiga asosan viloyatdagi bank muassasalari tomonidan 2023 - 2024 yillar va joriy yilning 4 oyida 98 ming fuqaroga 1 trillion 803 milliard so‘m kreditlar ajratilgan, 12,1 ming nafar yurtdoshimizga 63 milliard so‘mlik subsidiyalar berilgan va 207 ming nafari kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitilgan.
Biroq sohada manfaatlar to‘qnashuviga oid hamda korrupsiyaga moyil bo‘lgan munosabatlar saqlanib qolmoqda. Xususan, joriy yilning birinchi choragida 3300 dan ortiq holatda hisobotlarga qo‘shib yozilishi aniqlangan va buning natijasida 80 dan ortiq hokim yordamchisi va boshqa mas’ullarga nisbatan intizomiy, ma’muriy va jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi (19 nafar hokim yordamchisi jinoiy javobgarlikka tortildi). 3 milliard so‘mlik subsidiya, nafaqa va kredit mablag‘lari talon-toroj qilingan.
Hokim yordamchilari tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning salmoqli qismi Samarqand shahri, Urgut, Ishtixon va Oqdaryo tumanlari hisobiga to‘g‘ri kelsada, mahalliy hokimlik idoralari yoki bandlik organlari tomonidan xizmat tekshiruvlari o‘tkazilmagan.
Bandlik organlarining “Yagona milliy mehnat tizimi” elektron platformasi orqali amalda ish bilan band bo‘lgan yoki o‘zini-o‘zi band qilgan 155 nafar fuqaro uchun bazaviy hisoblash miqdorining 30 barovarigacha miqdorda subsidiyalar berilgan. Bunday holatlarga asosan Kattaqo‘rg‘on shahri, Kattaqo‘rg‘on, Nurobod, Narpay, Jomboy, Oqdaryo, Bulung‘ur Samarqand va Payariq tumanlarida yo‘l qo‘yilgan.
2023 - 2024 yillarda byudjet mablag‘lari hisobidan ta’minotchi korxonalardan sotib olingan 63 milliard so‘mlik asbob-uskunalar joylarga olib borilib, hokim yordamchilari ishtirokida ishsiz fuqarolarga topshirilgan va tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan. Ammo ijtimoiy reestrdagi fuqarolarga yordam tariqasida subsidiyalar berish yo‘nalishida ham suiiste’mollikka yo‘l qo‘yilayotganligi kuzatilmoqda.
“Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunda davlat muassasalari xodimlariga manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq, ayniqsa, ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan holatlarda cheklovlar o‘rnatilgan. Ammo bandlik organlarining 12 nafar xodimi va 25 nafar hokim yordamchisi tadbirkorlik sub’ekti tashkil qilib, boshqarib kelgan.
Yig‘ilishda mazkur holatlar yuzasidan viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi hamda boshqa tashkilotlar rahbarlaridan izoh so‘raldi.
Hududiy kengash raisi SH.Negmatov qayd etilgan holatlarni tezkor bartaraf etish, sohada korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq har qanday munosatlarga chek qo‘yish yuzasidan mas’ullar oldiga aniq vazifalar qo‘ydi. Korrupsion holatlarga nisbatan qonun ustuvorligi va jazo muqarrarligi tamoyili ta’minlanishi eslatildi.